333 nafar ayollar “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
2025-03-04 14:20:00 / Yangiliklar

“Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-apreldagi “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 257-son qarori bilan ta’sis etilgan.
Ko‘krak nishoniga Nizom talablariga muvofiq, vazirlik, idoralardan hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga nomzodlar hujjatlari taqdim etilib, Respublika komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Respublika komissiyasi tomonidan 68 ta vazirlik va idoralardan 182 nafar, hududiy Boshqarmalar tomonidan taqdim etilgan 708 nafar, jami 918 nafar nomzodlarning hujjatlari o‘rganildi.
Joriy yilda yangi yondashuv asosida birinchi marta Vatanimiz va uning sarhadlarini himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan 10 nafar harbiy xizmatchilarning, shuningdek Olimpiada va Paraolimpiya sport musobaqalari chempionlarining 18 nafar onalari ham ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.
O‘rganish xulosalariga ko‘ra, hududlardan 28 nafar, tumanlar va shaharlardan 208 nafar, vazirlik va idoralardan, Respublika “Oqila ayollar” harakati a’zolaridan 71 nafar nomzodlarning hujjatlari saralandi.
Bunda, nomzodning faoliyati to‘g‘risidagi hujjatlarida ko‘krak nishoni to‘g‘risida Nizomda belgilangan talablarga muvofiq, jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatganligi, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasidagi ibratli faoliyatiga e’tibor qaratildi.