O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston hukumatlari delegatsiyalarining uchrashuvi
2023-10-26 15:15:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar rivojlanib borayotgani, bunda ayniqsa, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Uxnaagiyn Xurelsux o‘rtasida o‘tgan yili Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan istiqboldagi vazifalar ijrosi yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Qayd etilganidek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi mamlakatlar salohiyatiga mos kelmaydi. Yaqin yillarda uning hajmini bir necha barobar oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor.
O‘zbekiston tomoni mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish dasturini imzolash jarayonini tezlashtirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, yaqin orada Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning birinchi yig‘ilishi va uning doirasida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston biznes-forumini Toshkent shahrida o‘tkazish taklif qilindi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, sanoat kooperatsiyasi, savdo-sotiq, transport va logistika, madaniy-gumanitar, turizm, ekologiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishning muhim masalalari yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.