Hukumat komissiyasining axboroti
2023-10-19 21:30:00 / Yangiliklar
Hukumat komissiyasining Toshkent shahridagi omborxonada sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talofatlarni bartaraf etish hamda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida
AXBOROTI
Joriy yilning 28-sentyabr kuni Toshkent shahar, Sergeli tumanida joylashgan “Interlogistics” MChJ hududidagi omborxonada sodir bo‘lgan yong‘in va portlash oqibatlarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan tashkil etilgan Hukumat komissiyasi tomonidan quyidagi choralar ko‘rildi:
Favqulodda vaziyat oqibatida umumiy jabrlanganlar soni 163 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ularning 150 nafari yengil va 13 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari natijasida vafot etgan.
Jarohat olganlarning 24 nafari shifoxonaga yotqizilib, ularga tegishli tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Qolgan 138 nafari ambulator davolanishga yuborilgan. Hozirda jarohatlangan barcha fuqarolarning salomatligi tiklanib, uyiga ruhsat berilgan.
Aholining muammolarini tezkor bartaraf etish maqsadida “1205” qisqa raqamli “Call-center” tashkil etildi. Markazga 450 dan ortiq murojaat kelib tushgan va barchasi ijobiy hal qilingan.
400 ta ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi hamda ularning 100 nafar voyaga yetmagan farzandlariga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Favqulodda vaziyat oqibatida 39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta xonadon hamda 246 ta yerli xonadonning fasad, oyna-rom, eshik va tom qismiga ziyon yetkazilgan va umumiy zarar miqdori 14,5 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Favqulodda vaziyat natijasida hududdagi 305-son umumta’lim maktabi (1250 o‘rinli) va 600-son bog‘chaning (720 o‘rinli) deraza-romlari, eshik va fasad qismiga zarar yetgan.
Hozirda ushbu obyektlarga pudrat tashkiloti biriktirilib, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, Kompleks sud ekspertiza, tergov va sud jarayonlari yakunlangach, aniqlangan zarar miqdori aybdor deb topilgan javobgardan qonunchilikda belgilangan tartibda to‘liq undirib olinadi.
Favqulodda vaziyat sabablarini o‘rganish jarayonida yong‘in boshlangan joy va portlash o‘chog‘i metall va “sendvich” panellardan qurilgan omborda yuz berganligi aniqlandi. Yong‘in va portlash oqibatida omborning metall konstruksiyalari deformatsiyaga uchrab, qulab tushgan.
Yong‘in sodir bo‘lgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlab kelingan.
Hodisa joyidan olingan namunalar asosida o‘tkazilgan kimyoviy tadqiqotlar natijasida poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekulyar karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalar mavjudligi aniqlandi.
Bu moddalar omborxonada saqlanayotgan vodorod peroksidi, alkid smolasi, alkilbenzolsulfon kislotasi, latex, poliefir smolasi, kaustik soda moddalari va lak mahsulotlarining tarkibiy qismlari bo‘lib, yong‘in va portlash xavfi yuqori hisoblanadi.
Hodisa joyi o‘rganilganda aynan vodorod peroksidi saqlangan joy yaqinida gul qog‘ozlar va boshqa yonuvchi materiallar saqlangani aniqlandi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan.
Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hodisa sodir bo‘lgan omborxona hududida 12 ta ijarachi kompaniyaning katta miqdordagi turli xil nomenklaturadagi tovarlari saqlanganligi hamda jinoyat ishi doirasida mutaxassislar tomonidan bir nechta turdagi ekspertiza tadqiqotlari (sudga oid kimyoviy, yong‘in-texnik, portlash, tovarshunoslik, qurilish va x.k.) o‘tkazilayotganligi uchun yong‘in va portlash sabablari, shuningdek yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha yakuniy xulosaga kelish muayyan vaqtni talab etmoqda.
Bu kabi noxush holatlarni oldini olish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan joylarda ishlab chiqarish korxonalari va omborlarda saqlanayotgan kimyoviy moddalar, tez yonuvchan va portlash xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlar xatlovdan o‘tkazilmoqda.
Dastlabki o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar tomonidan kelgusida shu kabi favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Holat yuzasidan kompleks sud ekspertiza xulosalari va tergov natijalariga ko‘ra yakuniy xulosa qilinadi.