audio

    16+
    O‘zbekiston-Xitoy: barcha darajadagi hamkorlik rivojlanib bormoqda

    O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida Urumchi shahrida ham bo‘ldi.

    Bugun, 9-oktyabr kuni Urumchi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partiya qo‘mitasi kotibi Ma Sinjuy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Taʼkidlanganidek, Davlatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqotlari, o‘zaro tashrif va uchrashuvlari natijasida xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni mutlaqo yangi - har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi.

    Oxirgi yillarda nafaqat davlatlar, hukumatlar darajasida, balki hududlararo hamkorlik aloqalari ham rivojlanib bormoqda.

    Uchrashuvda bu boradagi hamkorlikni davom ettirish va yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekani qayd etildi.

    O‘zaro aloqalarini mustahkamlash, savdo hajmini oshirishda SHUAR alohida o‘rin egallaydi.

    Zero, bugungi kunda Xitoyning mazkur hududidan mamlakatimizga zamonaviy texnologiya va uskunalar hamda boshqa mahsulotlar import qilinmoqda. O‘z navbatida, yurtimizdan SHUARga to‘qimachilik, mis, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirilyapti.

    Bundan tashqari, “aqlli” qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati katta.

    Joriy yil may oyida Sianda bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi uchrashuvda umumiy qiymati 25 milliard dollarga yaqin investitsion loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi.

    Bugungi kunda mazkur kelishuv doirasida SHUARning bir nechta kompaniyalari bilan metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

    SHUARning O‘zbekiston uchun yana bir ahamiyatli tomoni – mazkur hudud davlatlarimiz o‘rtasidagi transport-logistika tizimida asosiy bo‘g‘in hisoblanadi.

    Mazkur yo‘nalishda “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini jadallashtirish bo‘yicha birgalikda qatʼiy ishlash zarurligi taʼkidlandi.

    Mavjud transport yo‘laklari bilan bir qatorda, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va “Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston” multimodal transport yo‘laklarini rivojlantirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Fan, taʼlim hamda kadrlar tayyorlash, madaniy-gumanitar yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

    Shuningdek, mamlakatimiz hukumati delegatsiyasining SHUARga tashrifi doirasida “Xinjiang Hualing industry & trade group”, “China Southern power grid”, “China National Chemical engineering“, “Amer international group”, “Tbea” va boshqa Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

    • view_icon 748