Bunyodkorlik loyihalari taqdimot qilindi
2024-12-12 09:30:00 / Taqdimotlar
Zamon rivojlangani sari odamlarning ta’bi ham, talabi ham o‘sib bormoqda. Shunga yarasha yangi qurilishlarga, munosib sharoitlarga ehtiyoj tug‘ilmoqda.
Toshkent shahridagi Yunusobod dehqon bozori hamisha gavjum, kengayishga esa joy yo‘q. Yana bir muammo – tirbandlik. Shu bois uni zamonaviy konsepsiya asosida yuqoriga “o‘stirish”, savdo o‘rinlari va qulayliklarni ko‘paytirish rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, avvalo, asliyat saqlab qolinib, hozirgisining o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Eng muhimi, ushbu binolarning yerosti qismi mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi. Jami 4-5 ming ish o‘rni ochiladi.
Mutasaddilarga bular sababli bozor faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaslik, qurilishni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Keyingi loyihalar istirohat bog‘larini obodonlashtirish va yangilarini qurishga oid. Poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy bog‘i obodonlashtiriladi. Relefdan to‘g‘ri foydalanib, yashil hududlar ko‘paytiriladi. Sayr va tomosha joylari, favvoralar, yangi planetariy quriladi. Sayyohlarni jalb qilish uchun gastro-xol tashkil etiladi. Bu Chorsu bozori, umuman, eski shahar bilan yanada uyg‘un bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari bog‘da sharoitlarni yaxshilash va an’analarni aks ettirish zarurligini ta’kidladi.
– Bu rejalar yaxshi. Faqat milliy ruh qo‘shish kerak. Bu yerda shaharning tarixi, xalqimizning an’analari aks etsin. Har bir yosh toifasidagi inson bog‘da o‘z joyini topa olsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Do‘stlik” bog‘i ham yangilanib, aholini o‘ziga jalb etuvchi maskanga aylantiriladi. Sayr yo‘laklari, suv havzalari, dam olish joylari ta’mirlanib, o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Oilaviy ko‘ngilochar maskan va bolalar ijod markazi tashkil qilinadi. Yoshlar uchun skeyt maydonchasi, daraxtlar bilan uyg‘un aviariy hamda tomosha charxpalagi quriladi.
Ma’lumki, shu yerda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi joylashgan. Uning ortidagi maydonda yurtimizdagi milliy madaniyat markazlarining pavilonlarini barpo etish rejalashtirilgan. Ular har bir millatning uyi shaklida bo‘lib, o‘ziga xos madaniyat va an’analarni ifodalaydi. Bu hudud “Do‘stlik” bog‘i bilan hamohanglik kasb etadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yilda Toshkent shahrida “Navro‘z” bog‘i barpo etilgan edi. Hozirgi kunda u shahar markazidagi obod va gavjum maskanlardan biri. Tashrif buyuruvchilarga sharoitlarni yanada kengaytirish maqsadida bu yerda mehmonxona, yopiq sport maydonchasi, restoran, konferensiya zali bunyod qilish ko‘zda tutilmoqda.
Mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish doirasida barcha joylarda yangi mavzelar, parklar, ko‘ngilochar maskanlar qurilmoqda. Jumladan, Nurafshon va Namangan shaharlarida ham “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari barpo etilgan. Navbatdagi loyihalar ulardan foydalanish samaradorligini oshirish va mehmonlarni ko‘proq jalb etishga qaratilgan.
Buning uchun Nurafshon va Namangandagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari yonida turizm markazlari tashkil qilinadi. Ularda Sharq bozori, hunarmandchilik joylari, amfiteatr, favvora va boshqa qurilmalar bo‘ladi. Daraxtlar ekilib, yashil hudud kengaytiriladi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni sifatli qilish, bog‘larda aholi va turistlar uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.