O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Turkiyaga tashrif buyurdi
2023-09-28 10:05:00 / Yangiliklar
Anqara shahrida O‘zbekiston va Turkiya tashqi siyosat idoralari rahbarlari Baxtiyor Saidov va Hakan Fidan raisligida O‘zbekiston-Turkiya strategik rejalashtirish guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikda erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, yaqin va uzoq muddatli maqsadlar belgilab olindi.
Vazirlar yuqori darajadagi bo‘lajak muloqotlar jadvali, munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish masalalari, oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirilishini muhokama qildilar. Tadbir yakunida O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya va Turkiya TIV qoshidagi Diplomatiya akademiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston TIV rahbari Turkiya Vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz tomonidan qabul qilindi, Turkiya Buyuk Millat Majlisi Spikeri Numan Kurtulmush, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi prezidenti Serkan Kayalar, Anqara universiteti rektori Nejdet Unuvar bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston-Turkiya kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi. Oʻzaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, toʻqimachilik sanoati sohasida hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, hududlararo sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish orqali iqtisodiy diplomatiyani faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ilm-fan va ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, samarali qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi muloqot izchil rivojlanib borayotgani, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Anqara shahrida Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida Turkiyaning bir qator sayyohlik kompaniyalari ishtirokida “Tamaddunlar chorrahasi: Yangi O‘zbekiston” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Vazir tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston turizm sanoatidagi so‘nggi o‘zgarish va tendensiyalar hamda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Turkiyaning bir qator yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashib, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildi.