Mahalla tizimini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi
2023-09-27 08:50:00 / Majlislar
Mamlakatimizda barcha ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar aholi talabidan kelib chiqib, joylarda amalga oshirilmoqda. Buning uchun mahallalarga ko‘plab vakolatlar, tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar berildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat “beshlik tizimi” tashkil etildi.
Lekin ularning o‘zaro muvofiq ishlashida kamchiliklar, juda ko‘p takrorlanishlar bor. Ijtimoiy maqsaddagi mablag‘lar ba’zan samarasiz yo‘naltirilayapti. Ehtiyojmand aholining masalasini hal qilish viloyat va respublika idorasiga bog‘lanib qolgan. Mahalla xodimlari faoliyatini baholash mezoni yo‘q. Ularning ko‘p vaqti “qog‘oz to‘ldirish” va majlislarga ketayapti.
Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, tizimni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi.
Unga ko‘ra, endi mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” bo‘ladi.
Ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar, tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilinadi. Shuningdek, Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalari mablag‘lari har bir mahallaga taqsimlab beriladi.
Mahallada qulay va elektron ish yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Amaldagi uchta platforma – “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtiriladi.
“Mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytiriladi. Jumladan, ular hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimni rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha taqdimnoma kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.
Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga “mahalla yettiligi”ning vazifalarini aniq belgilash va faoliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ijtimoiy loyihalarga ilmiy va nodavlat tashkilotlarni ham jalb qilish muhimligi aytildi.
Yig‘ilishda mahalla tizimini takomillashtirishning tashkiliy choralari ham belgilandi. Xususan, mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman (shahar) kengashlari joriy etiladi. Respublika kengashiga – Bosh vazir, hududiy kengashlarga esa hokimlar rahbarlik qiladi. Kengashlar “mahalla yettiligi” qo‘ygan masalalarga yechim topadi, moliyaviy manbalarini hal qilib beradi.
Mas’ullarga muhokamada bildirilgan barcha takliflarni inobatga olgan holda, sohaning tashkiliy tuzilmasi, vakolatlari va moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan hujjat loyihasi ishlab chiqish topshirildi.
– Biz faoliyatimizning birinchi kunlaridan hamma ishni mahallada, xalqimiz bilan birgalikda tashkil qilib kelayapmiz. Bu tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirdik. Endi yana qo‘shimcha kuch, imkoniyatlar berilyapti. Bu ham vakolat, ham mas’uliyat degani. Mahallalar – davlatimizning eng katta zamini, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilish so‘ngida vazirlar va hokimlar, joylardan mahalla raislari ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va yangi topshiriqlardan kelib chiqib kelgusidagi ish rejalari bo‘yicha axborot berdi.