Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-09-09 10:00:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda XVFning soliq boshqaruvi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Georgiy Kandelaki hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq-bojxona siyosati va daromadlar prognozi departamenti direktori Shohrux Safarov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, islohotlar doirasida soliq tizimini takomillashtirish, jumladan, soliq ma’murchiligi sohasini tartibga solish va yanada rivojlantirish, soliq xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, suhbatda tomonlar soliq boshqaruvini rivojlantirishda jahondagi ilg‘or va muvaffaqiyatli tajribalarni, jumladan, raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish hamda ushbu sohada o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yanada kengaytirish, shuningdek, yuqorida qayd etilgan sohalarda oldinga qo‘yilgan maqsadlarga yetishda tizimli faoliyat olib borishga kelishib oldilar.