Orolbo‘yi ekologiyasini yaxshilash borasidagi xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
2024-08-20 09:30:00 / Yangiliklar
Ta’kidlash joizki, Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchlik xalqaro markazi bilan hamkorlikda “Qoraqalpogʻistonning kam rivojlangan tumanlarida ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini rivojlantirish” boʻyicha 2023–2025-yillarga moʻljallangan loyiha, Yaponiyaning Tottori universiteti Arid va choʻllar tadqiqot markazi bilan hamkorlikda esa maxsus tuzni tozalash plyonkasi yordamida fiksatsiyalangan joʻyakli sugʻorishda suv samaradorligi va shoʻrlanishni boshqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda delegatsiya aʼzolari markazning tajriba-sinov maydonida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar va tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, oʻzaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar va chora-tadbirlar batafsil muhokama qilindi. Shu bilan birga, "Aral dream" ko‘rgazmasini tomosha qilishdi hamda Orolboʻyi mintaqasida yashil texnologiyalarni tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish boʻyicha qoʻshma laboratoriya bilan yaqindan tanishishdi.
Yakunda istiqboldagi vazifalar, yangi loyihalar va hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻnalishlari belgilab olindi. Bu esa, tabiiyki, tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarning yanada rivojlanishiga va muhim strategik maqsadlarning amalga oshishiga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun, ayni paytda Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazida Sinszyan ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikdagi loyihalar doirasida Samanbay va Moʻynoq tajriba uchastkalarida jami 3,7 gektar maydonda 23 turdagi noanʼanaviy tuzga chidamli galofit oʻsimliklarida tajriba-sinov ishlari amalga oshirildi, tajriba uchastkasida tomchilatib sugʻorish tizimi yaratilib, kichik metostansiya oʻrnatildi. Bundan tashqari, Orolboʻyi mintaqasida yashil texnologiyalarni tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish boʻyicha qoʻshma laboratoriya tashkil etilib, Xitoydan qiymati 1 million yuanlik (127 000 AQSH dollari) laboratoriya asbob-uskunalari yetkazib berilgan va ixtisoslashgan laboratoriya ishga tushirilgan. Qolaversa, Qoraqalpogʻistonda dorivor “Sistanxe” oʻsimligini yetishtirishni oʻrganish maqsadida Moʻynoq tajriba uchastkasida xitoylik olimlar bilan birgalikda o‘simlik urugʻini tajriba tariqasida ekish ishlari amalga oshirildi.