Koreya bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida
2024-07-31 16:35:00 / Yangiliklar
Vazir Shavkat Xamraev mehmonlarni tashrif bilan qutladi. Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor, olib borilayotgan islohotlar, xususan, Konsepsiyada qo‘yilgan vazifalar ijrosi, suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish samaralari haqida gapirib berdi.
Koreya Respublikasi bilan suv xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan hamkorlik haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Koreya Respublikasining suv resurslari davlat korporatsiyasi (K-water) bilan xalqaro suv forumlari va anjumanlar doirasida hamkorlik qilib kelinayotganligini, KOICA agentligining grant mablag‘lari hisobiga respublikamizdagi yirik suv xo‘jaligi ob’ektlariga 61 ta “Aqlli suv” qurilmalari o‘rnatilganligini ta’kidladi.
Suv – bu obi hayot ekanligini aytib, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va mintaqa davlatlarining suv bo‘yicha vazirlik va idoralari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan do‘stona aloqalardan Koreya Respublikasi bilan munosabatlarni mustahkamlashda platforma sifatida foydalanishni taklif etdi.
O‘z navbatida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi kotibiyati ijrochi direktori Li Jong Guk samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Koreya tomoni O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini qayd etdi.
- Haqiqatdan ham suv – bu obi hayot. Xalqning, millatning taqdiri ushbu resursga bog‘liq. Shu sababli ham Koreyada suv davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi, - dedi Li Jong Guk.
Uchrashuvda Koreya Respublikasining suv resurslaridan samarali foydalanish, infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan ishlari haqida axborot berildi.
Suv xo‘jaligini raqamlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish, tajriba almashish, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida fikrlashib olindi.