Toshkentda O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashi navbatdagi majlisi o‘tkazildi
2024-06-05 12:30:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi prezidiumi a’zosi Manfred Grundke hamraisligida o‘tgan majlisda Davlatlarimiz Rahbarlarining uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosatlari tufayli bugun O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari strategik hamkorlikning mutlaqo yangi darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Germaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo hamkorlaridan biridir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 6-yilda o‘zaro savdo aylanmasi ikki karra ko‘paydi. 2023-yil yakunlari bo‘yicha tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd dollarni tashkil etdi.
O‘zbekistonda nemis kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi.
Bunda, O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashi faoliyati muhim o‘rin tutmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli ko‘plab germaniyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda o‘z biznesini samarali yuritmoqda.
“Knauf”, “Klaas”, “Papenburg”, “Falk Porsche”, “Siemens”, “Linde” singari ko‘plab nufuzli kompaniyalar shular jumlasidan.
“Deutsche Bank”, Germaniya taraqqiyot banki “KfV”, “Commerzbank” kabi moliya muassasalari esa mamlakatimiz taraqqiyotiga faol yordam berib kelmoqda.
Majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiliklarida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va istiqbollar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, Germaniya ishbilarmon doiralari bilan “yashil” energetika, raqamlashtirish, inson va mehnat resurslari, oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, metallurgiya, kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika hamda boshqa ko‘plab sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.