"Yangi Namangan shaharchasi" qurilishi jadallashmoqda
2025-03-11 11:30:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning o‘tgan yili 25-26 mart kunlari Namangan viloyatiga tashriflari chog‘ida “Yangi Namangan shaharchasi” qurilishining kelgusi bosqichlari taqdimot qilingan edi. Oradan o‘tgan qisqa vaqt ichida bu yerda katta hajmdagi bunyodkorliklar amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida 50 mingdan ortiq xonadonga ega 721 ta turar joy, 28 ta umumta’lim maktabi, 24 ta bolalar bog‘chasi, 5 ta zamonaviy shifoxona, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi, kutubxona, biznes markazlari va o‘nlab maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda shaharchaning infratuzilmasini takomillashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
E’tiborlisi, jarayonga bunyodkorlik ishlarida katta tajribaga ega xorij kompaniyalari ham jalb etilmoqda.
Bugun Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov "Yangi Namangan shaharchasi" qurilishida ishtirok etayotgan "NAMANGAN QIANXING INVESTMENT" xorijiy korxonasi vakillari bilan uchrashdi.
O‘zaro muloqotda qurilish jarayonlarini tezlatish, obyektni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish, bunda sifatga alohida e’tibor qaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirish yuzasidan kelishib olindi.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati





