Janubda harbiy texnikalar yozgi mavsumda foydalanishga tayyorlanmoqda
2025-04-01 11:15:00 / Yangiliklar

“Termiz” umumqo‘shin dala poligonida qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimiga o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotda qo‘mondonlik ma’sul ofiserlari hamda Termiz, Kakaydi va Xayrabod garnizonlarida joylashgan harbiy qism va muassasalar texnik ta’minot ofiser va serjantlari ishtirok etdi.
Tadbirda harbiy texnika va qurol-aslahalarning jangovar shayligini ta’minlash, ularni soz holatda saqlashda ko‘rsatilayotgan texnik xizmatlarning ahamiyati ta’kidlanib, har bir komandir va harbiy xizmatchi o‘ziga biriktirilgan qurol-yarog‘ hamda harbiy texnikaning soz va shayligi uchun mas’ul ekanligi eslatildi.
Darhaqiqat, mazkur kompleks tadbirlar harbiy texnika va qurol-aslahalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish hamda ob-havoning issiq sharoitida foydalanishga hozirlash uchun tashkil etiladi.
Ko‘rgazmali mashg‘ulotni tashkil etish uchun harbiy qismning jangovar va harbiy texnikalarni saqlash parkida 30 ga yaqin o‘quv nuqtalari tashkil etildi. U yerda jangovar mashina, tank, zirhli transportyor, zenit-artilleriya qurilmalari, maxsus texnika, qurol-yarog‘ va boshqa texnikalarni yozgi sharoitda foydalanish rejimiga o‘tkazish ishlarining mohiyati, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, tashkil etilgan postlarda samarali va sifatli ish olib borish, qurol-yarog‘ va texnikani ob-havoning harorati yuqori sharoitlarda ishlatish qoidalari, jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan yo‘riqnomalar berildi. Texnikalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali tarzda ishlar namoyish etildi.
Mazkur tadbirlarni bajarishda texnologik xaritalarga ko‘ra harbiy qismlardagi texnikalarda sovutish suyuqliklari almashtiriladi, har bir jangovar mashina agregat va tugunlari tekshiriladi, filtrlarni tozalash va almashtirish ishlari o‘tkaziladi, yoqilg‘i-moylash ashyolari yangisiga o‘zgartiriladi, elektr va aloqa jihozlarining sozligi nazoratdan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida qurol-aslaha va harbiy texnikalarni mavsumiy foydalanish rejimlariga o‘tkazish yiliga ikki marotaba – bahor va kuzda tashkil etiladi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati