Muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytgan qoraqalpogʻistonlik yoshlar tantanali kutib olindi
2025-03-10 13:30:00 / Yangiliklar

Mardlar safida bo‘lgan yigitlarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ota-onalar qarshi oldi.
Egnilarida harbiy libosi yarashgan norgʻul oʻgʻlonlar vagonlardan mardona chiqar ekan, ularni kutib olayotganlar bir yil oldin bu oʻspirinlar bugun ancha ulgʻayib, kuch quvvatga toʻlganini eʼtirof etishdi. Oʻz ona yurtining tinchligi, xalqining osoyishtaligini ximoya qilish haqiqiy mardlarning ishi ekanligi taʼkidlandi.
Koʻzlarida quvonch yoshi bilan bolalarini bagʻriga bosayotgan ota-onalar, shu aziz zaminning farzandi boʻla turib, zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatni sharaf bilan ado etib kelgan magʻrur oʻgʻlonlarning baxtiyor chexralari, ularni kuzatib turgan olomonning quvonchi atrofni bayram kayfiyati bilan choʻlgʻab oldi.
Nukus garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi harbiycha kuy va navolar endigina xizmatdan qaytayotgan yigitlar hayoliga armiya saflarida oʻtgan quvonchli kunlarni, hayotga toblagan mashaqqatli mashgʻulotlarni, birga yelkama-yelka safda turgan safdoshlarni, pandu-nasihati bilan ustozga aylanib qolgan komandir va boshliqlarni yodga solgan boʻlsa, ajab emas.
Albatta, hayot maktabini oʻtagan, dunyoqarashi kengayib, qatʼiyatli boʻlib kelgan yigitlar oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishib, kelgusida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovon hayoti uchun fidoyi, yurt taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻsha oladigan fidoyi inson boʻlishga harakat qilishadi. Buning uchun yurtimizda barcha sharoit va imkoniyatlar yetarli.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati