Teatr – tarbiya va ma’naviyat maskani
2025-02-19 10:45:00 / Yangiliklar

Markaziy harbiy okrugning Jizzax va Samarqand garnizonlaridagi harbiy qismlarda tuman madaniyat bo‘limi va Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi “Majidiy” dramma teatr aktyorlari tomonidan harbiy xizmatchilarning ma’naviy olamini yuksaltirish maqsadida turli xil spektakllar namoyish etildi.
Kun davomida teatr aktyorlari repertuaridagi “Qaytar dunyo” va jadid bobolarimizning millatga xizmat qilish yo‘lida chekkan qiyinchiliklari va erishgan g‘alabalari haqida so‘zlaydigan “Millat fidoyisi” spektakllari namoyish etildi.
Unda o‘z davrida bobolarimiz har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan Vatan ravnaqi, yurt osoyishtaligi va eng muhimi xalqimiz erk tushunchasini his qilishi uchun tolibi ilmlar safi kengayishida ko‘rsatgan behisob xizmatlari tilga olindi.
Tomoshabinlar uchun havola etilgan sahna ko‘rinishi tarbiya maskani sifatida harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirishda muhim rol o‘ynagan bo‘lsa, maxsus sahnalashtirilgan spektakllar, vatanparvarlik mavzusidagi chiqishlar va tarixiy dramalar ularning ruhiyatini yuksaltirib, milliy g‘ururini oshirishga xizmat qildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati