Okrug boshqaruv apparatida Bobur tavalludiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi
2025-02-14 18:20:00 / Yangiliklar

Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlab Respublikamiz bo‘ylab turli tadbirlar, davra suhbatlari, mushoiralar o‘tkazilmoqda. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparatida ham sana munosabati bilan “Boburxonlik kechasi” tashkil etildi.
Dastlab Qarshi davlat universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Mirzo Boburning bosib o‘tgan shonli yo‘li, qoldirgan adabiy merosi haqida ma’ruza qilindi.
“Turon” teatri aktyorlari tomonidan ijro etilgan Usmon Azim ijodiga mansub Bobur monologi, Qarshi shahrida joylashgan Prezident maktabi va Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining iqtidorli o‘quvchilari tomonidan o‘qilgan Bobur qalamiga mansub g‘azallar, ruboiylar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan sarkarda siymosi gavdalantirilib, monolog ijro etilgani barchani bir lahza bo‘lsa-da o‘sha davr muhitiga olib kirdi. Ayniqsa, Bobur qalamiga mansub g‘azallarga bastalangan qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati