Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan tadbirlar davom etmoqda
2025-02-10 18:00:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantlari Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyiga tashrif buyurdi. Unda Behbudiyning ilm-ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, bosib o‘tgan hayot yo‘li, jadidchilik harakatidagi o‘rni haqida kursantlarga batafsil ma’lumot berildi.
Tashrif davomida kursantlar muzeydagi ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishib, XX asr boshlarida jadid ziyolilariga nisbatan olib borilgan qatag‘on siyosati va uning ayanchli oqibatlari haqida tushunchalarga ega bo‘ldilar.
— Kursantlar uchun o‘tkazilgan mazkur tadbir Behbudiy merosini yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qildi, – deydi mayor Aziz Soatov. — Bugungi uchrashuvda kursantlarimiz nafaqat Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida nazariy ma’lumotga ega bo‘lishdi, balki muzeydagi ko‘rgazmalar bilan tanishib, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar orqali o‘tmishimizda qora iz qoldirgan qatag‘on siyosatining achinarli oqibatlarini ko‘z bilan ko‘rishdi. Bu esa yoshlarimizning ma’naviy tafakkurini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, bunday tadbirlar yoshlarning tarixiy xotirasi mustahkamlanishi, vatanparvarlik hislarining kuchayishi va milliy merosga bo‘lgan hurmatining oshishiga xizmat qiladi. Muzeyga tashrif buyurgan kursantlar ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, bunday tarixiy maskanlar yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlandi.
Tarixni bilish va o‘rganish – bu kelajakka qadam qo‘yish demakdir. Behbudiy singari ma’rifatparvar shaxslarning merosini asrash va yosh avlodga yetkazish esa barchamizning burchimizdir.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti