Surxondaryoda vatanparvarlik festivallari davom etmoqda
2025-01-07 15:30:00 / Yangiliklar
Shunday tadbirlardan biri Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi “Istiqbol” mahallasida o‘tkazildi. Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi qo‘mondonlik, Sherobod tuman mudofaa ishlari bo‘limi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir harbiy orkestr jamoasining musiqiy chiqishlari bilan boshlandi. Ushbu ohanglar ishtirokchilarda ona vatanga sadoqat va faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Tadbir doirasida faxriy qorovulning chiqishlari, qurol-aslahalar namoyishi va yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi. Shuningdek, milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar va berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.
Festival doirasida Termiz harbiy gospitali mutaxassislari tomonidan mahalla aholisi bepul tibbiy ko‘rigdan o’tkazildi. Kasalligi aniqlangan bemorlarga davolanish uchun yo‘llanmalar berildi, aholiga zarur dori vositalari tarqatildi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilib, ularning farzandlariga o‘quv qurollari va kitoblar sovg‘a qilindi.
Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugning “Harbiy-vatanparvarlik karvoni” viloyat bo‘ylab o‘z safarini davom ettirmoqda.
III darajali serjant Akbar Ahmеdov, Termiz garnizoni