Qo‘l jangi boʻyicha “Xotira turniri” bo‘lib o‘tdi
2024-12-21 23:10:00 / Yangiliklar
Unda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari g‘oliblik uchun bahs olib borishdi.
Saralash bosqichlaridan yuqori natijalarni qayd etib, final bosqichiga yo‘l olgan harbiy sportchilar o‘rtasidagi musobaqa keskin va murosasiz kechdi. Bahsli holatlarga hamkor tashkilotlar tomonidan jalb etilgan hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokida videotasvirlar orqali aniqlik kiritilib, musobaqaning shaffof o‘tishi ta’minlandi.
Turnirda erkaklar jamoasi sakkizta, ayollar jamoasi esa oltita vazn toifasida o‘zaro bahs olib borishdi. O‘z vazn toifasida tengsiz deb topilgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Umumjamoa hisobida yakuniy natijalar quyidagicha:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi — 1-o‘rin;
- Mudofaa vazirligi jamoasi — 2-o‘rin;
- Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya jamoalari — 3-o‘rinni egallashdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti