“Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!”
2024-12-18 11:50:00 / Yangiliklar
Joylarda Sharqiy harbiy okrug qo'mondonligi, hamkor davlat va jamoat tashkilotlari hamda kuch tuzilmalari vakillari ishtirokida bayramni munosib qarshi olish bo‘yicha yig‘ilishlar o'tkazilib, yo‘l xaritalari tuzildi.
“Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostidagi tadbirlar Farg‘ona vodiysi bo‘ylab o‘tkazilib, milliy armiyamizning salohiyati, tarixini o‘rganish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
Garnizonlardagi harbiy qismdan yo‘lga chiqqan harbiy-vatanparvarlik karvonlari umumta’lim maktablari, odamlar gavjum maydonlarda bo‘ldi. Harbiy orkestr va faxriy qorovul chiqishlari yurtdoshlarimiz tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.
Harbiy-vatanparvarlik karvonlarining galdagi manzili Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida joylashgan 24-sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Bu yerda keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar bilan milliy armiyamizdagi islohotlar, harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan e’tibor to‘g‘risida mazmunli va samimiy muloqot o‘tkazildi. Tadbirning badiy qismida vatan, insoniy fazilatlar va tinchlikni madh etuvchi taronalar, harbiy xizmatchilarning jo‘shqin chiqishlari namoyish etildi.
Ma’lumot uchun, mamlakatimizda har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tadbirlar bu gal ham o‘zgacha shukuh va yuqori saviyada turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar, ko‘rik-tanlov va ijodiy ko‘rgazmalar ko‘rinishida tashkil etiladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati