Italiya kinologlari bilan amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi
2024-11-08 18:00:00 / Yangiliklar
Dastavval, xizmat itlari bilan umumiy mashq kursi tarkibiga kiruvchi “Bo‘ysundirish” mashg‘uloti namoyish etildi. Shundan so‘ng ikki davlat kinologlari xizmat itlarini saqlash, parvarishlash, oziqlantirish va sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha profilaktik tadbirlarni o‘tkazish, kasallangan xizmat itlariga o‘z vaqtida sifatli va birinchi yordam ko‘rsatish, davolash va boshqa zaruriy veterinariya yordamini ko‘rsatish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
– Biz O‘zbekistondagi xizmat itlarini tayyorlash markazidagi sharoitlar bilan tanishar ekanmiz, sohaga e’tiborning yuqori ekanligining guvohi bo‘ldik, – deydi leytenant Garrad Rudolfi Luidji. – Markazda xizmat itlarini tug‘ilganidan boshlab to mutaxassis iti bo‘lib tarbiyalangunicha bo‘lgan jarayon a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa ko‘rsatilayotgan veterinariya xizmati standartlarga to‘liq mos keladi. O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan hamkasblarimiz bilan o‘zaro fikr almashdik, tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Kelgusi faoliyatimizda bu ikki tomon uchun ham o‘zaro manfaatli bo‘ladi deb o‘ylayman.
– Italiya kinologiya vakillari bilan birgalikda xizmat itlari bilan jangovar vazifalarni bajarishda zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanish, itlarni masofadan turib boshqarish uchun aloqa vositalarini qo‘llash, videokuzatuv kamerasi yordamida qurollangan jinoyatchilarni qidirib topish va ularni zararsizlantirish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazdik, – deydi katta leytenant Javlon Nizomov. – Bu o‘zaro fikr almashish va tajribalarimizni oshirish uchun xizmat qiladi. Bundan hamkorlik mashg‘ulotlari sohani yanada takomillashtirish, harbiy harakatlar davomida xizmat itlaridan samarali foydalanishni ta’minlaydi.
Amaliy mashg‘ulotlar chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tajriba almashildi, shuningdek, kinologiya sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti