Eng ilg‘or tibbiy guruhlar bellashdi
2024-11-02 18:15:00 / Yangiliklar
Tanlovning dastlabki bosqichlarida yuqori natijani qayd etgan jamoalar o‘rtasida kechgan qizg‘in bahslar Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy-tibbiy kadrlarning kasbiy mahorati va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qildi.
Ko‘rik-tanlov ikki bosqich — “Individual mahorat” va “Jamoa birinchiligi”ni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, haydovchilar o‘rtasida zirhli avtomobillarni boshqarish bo‘yicha “Eng ilg‘or haydovchi” tanlovi ham o‘tkazildi.
“Individual mahorat” bosqichida jamoalar qurollardan o‘q otish, majmuaviy (kompleks) to‘siqli yo‘laklarni yengib o‘tish va maxsus tayyorgarlik yo‘lagida mashq bajarish kabi shartlarda o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
“Jamoa birinchiligi” bosqichi esa vrachlar tarkibi bilan simulyatsiya jihozlarida, vrach, o‘rta tibbiyot xodimlari va taktik mediklar bilan o‘quv-taktik maydonda o‘tkazildi. Vrachlar bellashuvi amaliyotdan iborat bo‘lib, ishtirokchilar vrachlik manipulyatsiyalarini bajarishdi va tibbiy ma’lumotlarni sharhladilar.
O‘quv-taktik maydonda о‘tkaziladigan bellashuvda harbiy tibbiyot mutaxassislari shikastlangan mashinadan yaradorni tortib chiqarib olish, jang maydonidan olib chiqib birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, suvli to‘siqdan kechib yaradorni olib chiqish, sanitar transport vositasiga yuklash, dala sharoitida vrach tomonida yaradorga o‘pkaning sun’iy ventillyatsiyasini o‘tkazish mahoratini namoyon etishdi.
Xuddi shuningdek, ko‘rik-tanlovning “Eng ilg‘or haydovchi” bosqichi ham qizg‘in kechdi. Haydovchilar shtatli quroldan o‘q otish, majmuaviy to‘siqli yo‘laklarni yengib o‘tish mashqini bajarish hamda harbiy texnikani boshqarish kabi shartlar asosida o‘zaro bellashdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Eng ilg‘or tibbiy guruh” tanlovida Toshkent harbiy okrugi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni, Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrug jamoasi ikkinchi, Markaziy harbiy okrug jamoalari esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Bugun, 2-noyabr kuni g‘olib va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti