O‘zbekistonda ilk bor harbiylar o‘rtasida o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatiga qur’a tashlandi
2024-10-15 19:10:00 / Yangiliklar
Mazkur musobaqa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash hamda Xalqaro harbiy sport kengashining 2024-yil uchun kalendar rejasiga muvofiq o‘tkazilmoqda.
Mudofaa, Sport, Madaniyat va Tashqi ishlar vazirliklari, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi, “Saxovat sport servis” MCHJ sport majmuasi hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu chempionatda dunyoning 30 ta mamlakatidan 400 ga yaqin harbiy sportchilar, delegatsiya rahbarlari va hakamlar, shuningdek Xalqaro dzyudo federatsiyasi vakili janob Yoxannes Daksbeker va qator martabali mehmonlar tashrif buyurgan.
Ushbu nufuzli chempionatdan koʻzlangan asosiy maqsad, Qurolli Kuchlarimizning dunyo armiyalari oʻrtasidagi nufuzini yanada oshirish va mustahkamlash, yoshlar orasida dzyudo sport turini ommalashtirish orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib etishdan iborat.
Sport musobaqalari poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Saxovat sport servis” sport majmuasida boʻlib oʻtmoqda. Harbiy sportchilar 2 ta yoʻnalishda (yakkalik va guruh) 144 ta medallar jamlamasi uchun (yakkalikda 64 ta, guruh bahslarida 80 ta) qizgʻin kurash olib boradilar.
Mazkur chempionatga Oʻzbekiston milliy terma jamoa aʼzolari jami 38 nafar (yakkalikda – 18 nafar, jamoaviyda – 20 nafar) sportchilar bilan ishtirok etadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti