“Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi
2024-08-09 17:40:00 / Yangiliklar
Yakuniy bosqichda sakkiz nafar harbiy xizmatchi uchta — oʻzbek adabiyoti, jahon adabiyoti, keltirilgan parchalardan asar nomi va muallifini topish shartlari boʻyicha bellashdilar. Tanlov shartlarini Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari baholab bordi.
Oʻzbek adabiyotining bilimdonlari koʻpligi tabiiy, ammo harbiy xizmatchilar orasida jahon adabiyotining ham bilimdonlari koʻpligi quvonarlidir. Ayniqsa, Ernest Heminguey, Erix Mariya Remark asarlari tahlilini tinglash hayratlanarli. Ishtirokchilar biri biridan zukko, biri biridan dono. Shu sababli ham birinchi oʻrin sohibini topish qiyin boʻldi.
Tanlov oʻz nomi bilan tanlov. Gʻolibni qanday aniqlash mumkin? Kichik serjant Shohruh Sagindikov va shartnoma boʻyicha harbiy xizmat oddiy askari Nurali Moʻminov eng yuqori balni toʻplashdi. Ikkovlari orasidan birinchi oʻrin egasini topish... oson boʻlmadi. Roman va hikoya oʻrtasidagi farq gʻolibni aniqlashga yordam berdi.
Shunday qilib tanlov natijalariga koʻra, kapitan Sanjar Safarov (Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi) faxrli uchinchi oʻringa munosib topildi. Ikkinchi oʻrin kichik serjant Shohruh Sagindikovga (Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi) nasib etdi. Birinchi oʻrinni esa shartnoma boʻyicha harbiy xizmat oddiy askari Nurali Moʻminov (Markaziy harbiy okrug) egalladi. G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti