Tomorqa – daromad manbai va farovon hayot garovi!
2025-05-27 11:10:00 / Yangiliklar
Muborak tumanida kundan-kunga tomorqadan samarali foydalanish kuchaymoqda.
Bugungi kunda Muborak tumanida tomorqa madaniyati sezilarli darajada shakllanmoqda. Aholining turmush tarzida bu jarayonlar endilikda faqatgina shaxsiy iste’mol uchun emas, balki barqaror daromad manbai sifatida ham e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, kartoshka, piyoz, sabzi, pomidor va bodring kabi qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishga bo‘lgan qiziqish ortmoqda.

So‘nggi yillarda tuman bo‘yicha ko‘plab xonadonlarda tomorqadan foydalanish samaradorligi oshgani kuzatilmoqda. Avvallari faqatgina oz miqdorda sabzavot yetishtirilib, oila ehtiyoji uchun ishlatilgan bo‘lsa, bugungi kunda fuqarolar bozor talablarini hisobga olib, mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yishgan. Bu esa ularning daromadini ko‘paytirib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim rol o‘ynayapti.
Misol uchun, bir sotix yerdan o‘rtacha 20-30 kg kartoshka yoki 15-25 kg sabzi olish mumkin. Bu mahsulotlarning bozor narxini inobatga oladigan bo‘lsak, har bir yetishtirilgan hosildan oila o‘rtacha 2-3 million so‘m atrofida daromad ko‘rishi mumkin. Ayniqsa, kechki bahor va yoz oylarida pomidor va bodring kabi sabzavotlar tez yetiladi, bozorga tez chiqariladi va natijada yaxshi daromad bo‘ladi.
Tomorqalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar nafaqat oilaviy ehtiyojni, balki mahalladagi umumiy bozor talabini ham qondirmoqda. Ayrim hollarda ortiqcha hosil yaqin atrofdagi dehqon bozorlari yoki uyma-uy savdosi orqali sotilmoqda. Bu esa oilaviy daromadga qo‘shimcha bo‘lib xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, muboraklik fuqarolarning tomorqaga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgaryapti. Har bir qarich yerni qadrlash, undan samarali foydalanish orqali nafaqat farovonlik, balki o‘z hayotini tubdan o‘zgartirgan fuqarolar soni ortib bormoqda. Davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiya, urug‘liklar, texnik ko‘maklar esa bu boradagi islohotlarga zamin bo‘lmoqda.
Shunday ekan, tomorqa – bu faqatgina yer emas, balki imkoniyatdir. Uni to‘g‘ri va oqilona boshqargan har bir inson daromad, baraka va mustahkam ro‘zg‘or egaligiga erishadi.
