O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
2024-12-19 15:00:00 / Yangiliklar
2024-yil 18-dekabr kuni Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Vafo Jabra Nassera Al-Busaidi, O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasining bosh ijrochi direktori Omar Bahrom bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, xususan, logistika va transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishidagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar viza rejimining soddalashtirilishi, infratuzilmani rivojlantirishga investitsiyalarning ko‘paytirilishi mamlakatlar o‘rtasida yo‘lovchi va yuk tashish hajmining oshishiga sezilarli hissa qo‘shishini ta’kidladilar.
Shu munosabat bilan tomonlar Oman Air aviakompaniyasi tomonidan Maskat – Toshkent – Maskat yo‘nalishida hamda O‘zbekistonning boshqa shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni tez fursatda yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq jihatlarni muhokama etishdi.