“Britaniya – Turkiya temir yo‘llari forumi”da yangi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi
2024-11-20 10:00:00 / Yangiliklar
Forumning ochilish marosimidagi nutqida Jasurbek Choriyev bugungi kunda mamlakatimiz temir yo‘l sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, respublika hududi bo‘ylab yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar harakati va Toshkent — Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikdagi alohida yo‘lovchi tashish temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirilishi to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi.
Forum doirasida Turkiya Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat xususiy sherikchilik loyihalari departamenti rahbari Zaynep Ulas boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Davlat xususiy sheriklik loyihalari departamenti tomonidan Xorijiy moliya institutlari ko‘magida “Anqara-Izmir”, “Bandirma-Bursa-Yenishehir-Osmanli”, “Mersin-Gaziantep” hamda Erksoy-Kaysari” tezyurar temir yo‘llarini qurish loyihalarini moliyalashtirish tartibi yuzasidan ma’lumot almashildi.
Shuningdek, “Turkiya pudratchilar uyushmasi” prezidenti Erdal EREN va Turkiyaning yetakchi quruvchi kompaniya rahbarlaridan iborat delegatsiya vakillari bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda “Turkiya pudratchilar uyushmasi” faoliyati bilan tanishildi hamda Turkiya kompaniyalari vakillariga Toshkent — Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikdagi alohida yo‘lovchi tashish temir yo‘lini qurish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.