Asosiy kontentga o'tish

Bokuda Kaspiy “Yashil Koridor” loyihasiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

2025-04-05 13:35:00 / Yangiliklar

4-aprel kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Kaspiy “Yashil Koridor” loyihasiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonning rasmiylari, energetika sohasi mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar hamda yirik moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda loyihaning asosiy maqsadi – mamlakatlar o‘rtasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash va Yevropa bilan elektr aloqalarini yo‘lga qo‘yish ekani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston quyosh va shamol energiyasiga boy mamlakatlar hisoblanadi. Kaspiy orqali o‘tadigan “Yashil Koridor” loyihasi orqali qayta tiklanuvchi elektr energiyasi Yevropaga eksport qilinadi. Bu nafaqat mamlakatlar iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, balki global darajada toza energiyaga o‘tish jarayoniga katta hissa qo‘shadi.

Loyiha elektr tarmoqlarini birlashtirish orqali uzilishlarni kamaytirish, barqaror energiya ta’minotini ta’minlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda va barqaror kelajakni qurishda muhim qadam hisoblanadi.

Anjumanda loyihaning birinchi amaliy bosqichi — texnik-iqtisodiy asoslanganlikni o‘rganish ishlari boshlangani ma’lum qilindi. Ushbu jarayonda texnik yechimlar, ekologik ta’sir, xarajatlar va iqtisodiy samaralar atroflicha tahlil qilinishi belgilangan.

Tadbir doirasida “Yashil Koridor” loyihasida qatnashuvchi mamlakatlarning energetika vazirlari ishtirokida Energetika bo‘yicha vazirlar kengashining to‘rtinchi majlisi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilish Janubiy gaz koridori bo‘yicha Konsultativ kengash doirasida tashkil etildi. 

Yig‘ilish yakunida Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilma va investisiyalar banki bilan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Kommyunike imzolandi. Ushbu hujjatda Osiyo taraqqiyot banki loyihani moliyalashtirish uchun 1 million dollar ajratishga tayyor ekani rasman ma’lum qilindi.

Shundan so‘ng ishtirokchi mamlakatlarning mutaxassislari ushbu banklar vakillari bilan alohida uchrashuv o‘tkazib, texnik hamkorlik, moliyalashtirish mexanizmlari va qo‘shma tadqiqotlar yuzasidan amaliy masalalarni muhokama qilishdi.

Qatnashchilar ta’kidlaganidek, Kaspiy “Yashil Koridor” loyihasi mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yorqin namunasi bo‘lib, nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda barqaror va ekologik toza energetika istiqbollarini ochib beradi.

36

Oxirgi yangilanish: 2025-04-07 15:42:04

Bokuda Kaspiy “Yashil Koridor” loyihasiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi