O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi energetika vazirlari hamda Jahon banki vakillari Toshkentda “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini muhokama qilmoqda
2025-01-27 12:50:00 / Yangiliklar
2025-yil 27-yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev va Qozog‘iston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov hamda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda, shuningdek, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha strategiya va operatsiyalar direktori Karolina Sanches-Paramo hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining infratuzilma bo‘yicha mintaqaviy direktori Charlz Kormye ishtirok etdi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Qirg‘iz Respublikasidagi uch davlat tomonidan birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan amalga oshirilayotgan muhim mintaqaviy loyiha – “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini yanada rivojlantirish bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov yig‘ilish ishtirokchilarini qutlar ekan, mamlakat hukumati ushbu strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihani amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanini tasdiqladi.
«Biz “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasi ishtirokchilarini Toshkentda uch tomonlama uchrashuv doirasida qabul qilishdan mamnunmiz. Ushbu loyiha butun Markaziy Osiyo uchun katta manfaatlar keltirishi, mintaqaviy energetik xavfsizlikni mustahkamlashi, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirishi va suv resurslaridan foydalanishni yaxshilashiga ishonamiz», — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasi xalqaro moliyaviy institutlar va taraqqiyot bo‘yicha sheriklarning katta qiziqishini uyg‘otganini taʼkidladi.
«Qirg‘iz Respublikasida biz “Qambarota-1” GES qurilishini “asr loyihasi” deb ataymiz, chunki u mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlaydi va butun Markaziy Osiyoning uzoq muddatli taraqqiyotiga yordam beradi. Toshkentdagi bugungi davra suhbati 2024-yilda Vena, Bryussel va Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning davomidir. Ushbu muloqotlar loyihani muvofiqlashtirish va tezlashtirish, shuningdek, zarur xalqaro qo‘llab-quvvatlashni jalb etish uchun xizmat qiladi», — dedi Taalaybek Ibrayev.
Qozog‘iston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov uch mamlakatda mavjud siyosiy iroda va loyihani birgalikda amalga oshirish zarurati haqida yagona tushuncha borligini alohida qayd etdi.
«Bugungi davra suhbati suv-energetika sohasida kuchayib borayotgan mintaqaviy hamkorlikni yana bir bor tasdiqlaydi. Biz birgalikda nafaqat “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshiramiz, balki mintaqamizda uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlaymiz va mamlakatlarimizning kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishini ham rag‘batlantiramiz», — dedi Sungat Yesimxanov.
O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi hukumatlari “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rish hamda uni moliyalashtirishda ko‘mak so‘rab Jahon bankiga murojaat qilishdi. Hozirgi vaqtda Jahon banki tomonidan texnik yordam doirasida “Qambarota-1” GES loyihasi uchun texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda. Bu ushbu loyihaning texnik, iqtisodiy, moliyaviy, ekologik va ijtimoiy jihatlarini baholashni, shuningdek, uning keyingi amalga oshirilishi uchun zarur bo‘lgan boshqa asosiy tadbirlar hamda tadqiqotlarni qamrab oladi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova shunday dedi: «Jahon banki uch mamlakat hukumatlarining mintaqada barqaror energetik kelajakni taʼminlash, iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish va fuqarolar turmush darajasini oshirish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnun. Biz “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatishni davom ettiramiz. Rivojlanish bo‘yicha boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda loyihani hayotga tatbiq etish uchun zarur moliyaviy resurslarni jalb etish ustida ishlayapmiz».
Uchrashuv doirasida tomonlar “Qambarota-1” GES qurilishi loyihasini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha asosiy tamoyillar yuzasidan kelishib oldilar. Loyihani ro‘yobga chiqarishning asosiy bosqichlari belgilab olindi hamda uni amalga oshirish sxemasi tasdiqlandi. Shuningdek, vazirlar darajasidagi muloqotlarni muntazam davom ettirish hamda xalqaro donorlarni jalb qilish orqali hamkorlikni taʼminlash va loyihani barqaror ravishda ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.