Qashqadaryoda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
2025-01-20 14:00:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bogʻliq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qarshi shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan reyd tadbirida Toshkent viloyati, Zangiota tumanida yashovchi fuqaro M.A. oʻziga tegishli boʻlgan, Qarshi shahri, “Buyuk Turon“ MFY, Kesh koʻchasi, 3/45-uyda joylashgan “Muzqaymoq saqlash“ muzlatgich xonasini Qarshi shahar elektr taʼminoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda tarmoqqa ulagan holda, davlat manfaatlariga 107,3 million soʻmlik zarar yetkazganligi aniqlandi.
Shuningdek, Departamentning Qarshi tumani boʻlimi tomonidan viloyat IIB va DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahrida yashovchi fuqaro A.B. oʻzining xonadonida 2 dona mayning apparati yordamida tijorat qilish maqsadida elektr energiyasiga noqonuniy ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, davlat manfaatlariga 372 million soʻmlik zarar yetkazganligi maʼlum boʻldi.
Hozirgi vaqtda mazkur holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tegishli idoralar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.