Xitoydan munosabat: Energetika sanoati yaqin yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning asosiy omiliga aylanadi
2024-12-14 17:05:00 / Yangiliklar
Xitoyning "China Datang Overseas Investment Co., Ltd." kompaniyasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasining bozorni rivojlantirish bo'yicha bosh direktori Van Xao "Dunyo" AA uchun intervyusida kecha O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo'lib o'tgan energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Bugungi kunda ko'plab davlatlar, jumladan, Xitoy, yirik xalqaro korporatsiyalar O'zbekistonda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan, deb hisoblaydi.
Faol islohotlar va davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgani tufayli so'nggi yillarda Xitoy kompaniyalarining O'zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi sezilarli darajada oshdi.
Kompaniyamiz misolida aytishim mumkinki, o'tgan yili biz 320 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurishga investitsiya kiritishni boshladik. Kelgusi yilda biz 1 gigavatt quvvatga ega shamol stansiyasi loyihasi ustida ish boshlashni rejalashtiryapmiz.
Bu loyihalar, bizning fikrimizcha, O'zbekistonning eng istiqbolli tarmoqlaridan biri bo'lgan "yashil" energetikani rivojlantirishga qaratilayotgan e'tiborni aks ettiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida barqaror rivojlanish sohasida sezilarli o'zgarishlar va yutuqlar qo'lga kiritilganini ko'ryapmiz. Mamlakat "yashil" iqtisodiyotga o'tish uchun qulay ekotizim yaratish yo'lida faol harakat qilmoqda.
Shuningdek, biz hozirda energetika sohasini rivojlantirishda navbatdagi muhim qadam bo'ladigan GESlar qurilishiga investitsiya kiritish imkoniyatlarini o'rganyapmiz.
Bugungi tadbir nafaqat 2024-yilning ajoyib yakuni, balki 2025-yilda yangi investitsiya loyihalari va yutuqlari uchun boshlanish nuqtasidir. Ishonchim komilki, energetika sohasi O'zbekistonda o'zining yanada rivoj topadi va kelgusi yillarda iqtisodiy o'sishning asosiy omiliga aylanadi.