Yoqilgʻi-energetika sohasida gender tengligi masalalarini ilgari surish boʻyicha oʻquv-seminar oʻtkazildi
2024-11-27 20:30:00 / Yangiliklar
Energetika vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda yoqilgʻi-energetika kompleksidagi tashkilotlarda gender tengligini keng targʻib qilish va taʼminlash masalalariga bagʻishlangan oʻquv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda Energetika vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya kasaba uyushmalari Respublika kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligida gender siyosatini amalga oshirish boʻyicha masʼul xodimlar ishtirok etdi.
Oʻquv-seminarning asosiy maqsadi — Energetika sohasini isloh qilish dasturi doirasida gender strategiyasini koʻrib chiqish boʻlib, uni amalga oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tadbir davomida yoqilgʻi-energetika sohasida xotin-qizlarning ulushini oshirishga qaratilgan turli innovatsion yondashuv va gʻoyalar muhokama qilindi. Oʻquv-seminar soʻngida kelgusi besh yillik davrga moʻljallangan sohaning yangi gender siyosati loyihasi ishlab chiqildi.