Energetika vazirligida Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2024-11-20 18:30:00 / Yangiliklar
Bugun, 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Energetika vazirligiga biriktirilgan aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Energetika vazirligi masʼullari, Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.
Yoshlar parlamentining maqsadi — yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi hamda savodxonligini oshirish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni keng jalb qilish va qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targʻib etish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishda ishtirok etishdan iborat.
Tadbirda vazirlik tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha yangiliklar, “ogʻir” toifadagi yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar, vazirlikka biriktirilgan Yoshlar parlamenti aʼzolarining asosiy ustuvor vazifalari, ular bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish bosqichlari va hisobot almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda kelgusidagi asosiy rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, bugungi kunda yoqilgʻi-energetika kompleksi tizimida 100 mingdan ziyod ishchi-xodim faoliyat yuritadi. Shundan 14 ming 315 nafari 30 yoshgacha boʻlgan xodimlarni tashkil etsa, 30 yoshgacha boʻlgan ayollar soni 1 ming 210 nafardan iborat. Bugungi kunda 281 nafar yosh rahbarlik lavozimida ishlamoqda. Ularning 15 nafari xotin-qizlardir.
Hisobot davri yakuni boʻyicha 645 nafar yosh oliy oʻquv yurtini bitirgandan keyin ishga qabul qilingan boʻlsa, 585 nafar yosh kollej va texnikumni tamomlab, ishga kirgan.
Yosh mutaxassislarning rivojlangan davlatlarda tajriba orttirishini tashkil etish maqsadida ular xorij mamlakatlariga xizmat safarlariga va taʼlim olish uchun nufuzli oliy taʼlim muassasalariga yuborilmoqda.