Energetika vazirining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2024-06-24 17:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 24-iyun kuni poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, vazirlik tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 200 nafardan ortiq yoshlar, bir qator oliy ta’lim muassasalarining talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda Energetika vaziri barcha yoshlarni yaqinlashib kelayotgan 30-iyun – “Yoshlar kuni” bilan tabriklab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda yoshlarning rolini oshirish, ularga imkoniyatlar, yaxshi sharoitlar yaratib berish bo‘yicha tizimli ish olib borilayotganini alohida ta’kidladi.
Bu borada qator qonunlar va qarorlar qabul qilinayotgani, sohalar rivojida yoshlarning o‘rni nihoyatda katta ekanligi qayd etildi.
Uchrashuvda tizimda yoshlarga oid amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, bugungi bugungi kunda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida 106 mingdan ziyod ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi. Shundan 17 ming 526 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarni tashkil etadi. Bugungi kunda 334 nafar, shu jumladan 10 nafar xotin-qiz yosh rahbarlik, 2 ming 807 nafari, shu jumladan 378 nafar ayol mutaxassis lavozimlarida, 11 ming 209 nafar, shu jumladan 746 nafar ayol ishlab chiqarish korxonalarida ishlamoqda.
2023-yilda 633 nafar mutaxassis oliy o‘quv yurtini bitirganidan keyin ishga qabul qilingan bo‘lsa, 571 nafar yigit-qiz kollej va texnikumni tamomlab, ishga kirgani sohada ularga bo‘lgan e’tibor katta bo‘layotganini anglatadi.
Yosh mutaxassislarning tajriba orttirishini tashkil etish maqsadida ular xorij mamlakatlariga xizmat safarlariga va ta’lim olish uchun nufuzli oliy ta’lim muassasalariga yuborilmoqda. 2023-yilning o‘zida 260 nafar xodim xorijda tayyorlov va qayta tayyorlov kurslarida malaka oshirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, so‘nggi yillarda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda yirik quvvatli issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha katta loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, bugungi kunda yurtimizning 6 ta viloyatida umumiy quvvati 1 ming 717 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda quvvati 100 MVt bo‘lgan bitta shamol elektr stansiyasi “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.
Bu ham yurtimiz “yashil” energetika tarmog‘idagi yutuqlardan darak beradi.
Bundan tashqari, so‘nggi 5-6 yil ichida O‘zbekistonda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qondirish, aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan jami 11 ta bitim imzolandi.
Ushbu bitimlarga asosan, 2028-yil yakuniga qadar O‘zbekistonda umumiy quvvati 7 ming 17 megavattga teng bo‘lgan 11 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Birgina oxirgi yillarda ishga tushirilgan ushbu elektr stansiyalarda minglab yosh xodimlar faoliyat yuritayotgani soha rivojida ularning o‘rni nihoyatda katta ekanligini anglatadi.
Bu ishlar, albatta, yetarli emasligi, oldinda katta rejalar turgani qayd etildi. Yosh xodimlarga bundan ham ko‘proq e’tibor qaratish, ularning iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun yetarli darajada sharoitlar yaratib berish kerakligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda talabalar va yosh xodimlar yoqilg‘i-energetika sohasida olib borayotgan ilmiy ishlari va tadqiqotlari, sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan innovatsion g‘oyalar, turli muammolar hamda ularning yechimlari haqida so‘z yuritishdi, o‘zlarining qator takliflarini bildirdilar.
Muloqotda yosh mutaxassislar va talabalarning yangi loyihalari, xalqaro olimpiadalardagi ishtirok, sport komplekslari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Energetika vazirligi Axborot xizmati.