O‘zbekiston Energetika vazirligida Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, shuningdek, delegatsiya a’zolari O‘zbekiston energetika haftaligida ishtirok etdi
2024-05-16 19:50:00 / Yangiliklar
Bugun, 16-may kuni Saudiya Arabistoni energetika vaziri o‘rinbosari Fuad Mosa boshchiligidagi delegatsiya a’zolari yurtimizga tashrif buyurdi.
Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi delegatsiyasi mamlakatda energiya samaradorligi va mahalliylashtirish sohalarida erishilgan yutuqlarni O‘zbekistonda tatbiq etish hamda tajriba almashish maqsadida 16 – 20-may kunlari yurtimizda bo‘ladi.
Shu maqsadda, bugun O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Saudiya Arabistoni Energetika vaziri o‘rinbosari Fuad Mosa boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda joriy yilning 28 – 30-aprel kunlari O‘zbekiston Energetika vazirligi Ishchi guruhining Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan ishchi tashrifi va shu yilning 2-may kuni III-Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Saudiya Arabistoni Energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saudning davlatimiz rahbari bilan o‘tkazilgan uchrashuvida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi.
Xususan, mamlakatimizda energetika tarmog‘ini rivojlantirishga eng ko‘p investitsiya kiritgan “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.
Birgina, yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro investitsiya forumi doirasida “yashil” energetika, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida umumiy qiymati 6,2 mlrd dollar, umumiy quvvati 5 000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishi megaloyihasi yuzasidan “Elektr energiyasini sotib olish bitimi” imzolangani va uning mamlakatimiz rivoji yo‘lidagi ahamiyati nihoyatda katta ekanligi bildirib o‘tildi.
Bundan tashqari, “ACWA Power” kompaniyasi bilan so‘nggi yillarda yurtimizda “yashil” energetikani keng rivojlantirish bo‘yicha yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilayotgani, Sirdaryo viloyatida dunyoda eng zamonaviy hisoblanadigan issiqlik elektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishga tushirilgani hamda bu boradagi amaliy ishlarning borishi muhokama qilindi.
Shuningdek, bugun, delegatsiya a’zolari Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston energetika haftaligi doirasidagi “Energetika, energiya tejash, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2024” 17-Xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Delegatsiya yurtimizda O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni hamkorligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning borishi, investitsiya loyihalari va ularning natijalari, shuningdek, energiya samaradorligi hamda mahalliylashtirish yo‘nalishlaridagi ishlar bilan tanishish maqsadida qator energetika obyektlarida bo‘ladi.
Energetika vazirligi Axborot xizmati.