Energetika sohasidagi navbatdagi xalqaro hamkorlik muvaffaqiyatli yakunlandi
2024-05-08 19:40:00 / Yangiliklar
Avval xabar berganimizdek, III-Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ishga tushirilgan bir nechta yirik investitsiya loyihalari qatorida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Toshkent IEM filialida umumiy quvvati 64 MVt bo‘lgan yangi gaz-turbina qurilmasi ham foydalanishga topshirilgan edi. Bugun Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Xatori hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumi ushbu energoinshootda bo‘lishdi.
Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi hamrohlik qildilar.
Dastlab, tashrif buyuruvchilar poytaxtimizning Mirobod, Yakkasaroy, Yunusobod kabi yirik tumanlarini issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlovchi korxona faoliyati, xususan, Yaponiya davlati bilan hamkorlikda bunyod etilgan yangi, zamonaviy energosamarador qurilmalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Loyihaning umumiy qiymati 115,7 mln AQSH dollariga teng bo‘lib, uni bunyod etishda Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi bosh pudratchi bo‘lib ishtirok etdi. Qurilmaga Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasining yuqori samarador gaz turbinasi o‘rnatildi. Bu esa yoqilg‘i sarfini kamaytirib, mahsulot tannarxini pasaytirish imkoniyatini beradi. Qurilma ishga tushirilishi natijasida elektr markazi tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 million kilovatt soat elektr va 690,3 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.
Tadbir doirasida yangi energoinshoot qurilishiga hissa qo‘shgan xalqaro hamkorlar, pudratchi korxonalar, korxona jamoasi va “9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan taklif etilgan faxriy energetiklar uchun o‘zbek milliy an’analariga muvofiq bayram dasturxoni yozildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Matbuot xizmati