audio

    0+
    Toshkentda Energetika vazirligi va Jahon banki tomonidan “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasining taqdimoti o‘tkazildi

    Jahon banki O‘zbekiston jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga sarmoya kiritadi.

    Loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar:

    Binolarni isitish va sovitish tizimlari modernizatsiya qilinadi;
    Fasad izolyatsiyasi, eshik va derazalar almashtiriladi;
    Yoritish tizimlari yangilanadi;
    Binolarning tom qismlari izolyatsiyalanadi;
    Ko‘mir va gaz kabi samarasiz qozonxonalar zamonaviy gaz qozonlari yoki issiqlik nasoslariga almashtiriladi;
    Quyosh batareyalari va qozonxonalari o‘rnatiladi.

    Kutilayotgan natija:

    Jami 543 507 tonna - CO2 (is gazlari) kamayadi, 2 mlrd 530 mln kVtsoat elektr energiyasi tejaladi.

    Bugugn, 23-aprel kuni Toshkentda Energetika vazirligi va Jahon banki tomonidan “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasining taqdimoti o‘tkazildi. Jahon bankining moliyaviy koʻmagida Energetika vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga va binolar sektorida toza energiyaga xususiy sarmoyani jalb qilishni rivojlantirishga yordam beradi. Tadbir davomida davlat organlari, xususiy sektor va ommaviy axborot vositalari vakillariga loyihaning maqsadlari, vazifalari va faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.

    O‘zbekistonda yakuniy energiya iste’molining 50 foizi binolar sektoriga to‘g‘ri keladi, undan keyin sanoat (22 foiz) va transport (20 foiz) sohalari turadi. Jumladan, jamoat binolari sohasida tuman shifoxonalarida energiya sarfining qariyb 70 foizi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 84 foizi, qishloq vrachlik punktlarida 88 foizi, maktablarda esa 97 foizi isitish uchun sarflanadi.

    Mamlakatdagi aksariyat jamoat binolari 1970-1980-yillarda energiya samaradorligi standartlarini hisobga olmagan holda qurilgan. Ulardagi issiqlik izolyatsiyasi yomon holatda bo‘lib, harorat bo‘yicha qulaylik standartlariga javob bermaydi. Ushbu binolarda eskirgan qozonlar va haddan tashqari ko‘p energiya iste’mol qiladigan gidronik isitish tizimlari qo‘llaniladi.

    Jahon banki tomonidan 2021-yilda oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar va sogʻliqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali bir yilda 7000 gigavatt-soatdan (GVt/soat) ortiq energiyani tejash mumkin. Shundan 6810 GVt/soatga yaqini issiqlik, 240 GVt/soatdan ortig‘i esa elektr energiyasi ko‘rinishida iqtisod qilinishi mumkin.

    2022-yil iyun oyida Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasini amalga oshirish uchun mamlakatga 143 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha doirasida butun mamlakat bo‘ylab jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga sarmoya kiritish rejalashtirilmoqda. Bu ularning o‘zgaruvchan iqlimga tayyorligini oshiradi, energiya sarfini kamaytirishga yordam beradi va atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartiradi. 

    Loyiha faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi PQ-106-sonli qarori qabul qilinganidan keyin boshlangan. Loyiha Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi (Jamg‘arma) tomonidan amalga oshirilmoqda. Jamgʻarma 2020-yilda iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joy qurilishiga investitsiyalarni jalb qilish va energiya samaradorligini oshirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan. 

    Loyiha doirasida Jamg‘arma mamlakat bo‘ylab qishloq va shaharlarda faoliyat yurituvchi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklariga qarashli muassasalarda energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtiradi. Loyihani amalga oshirish davomida 2023–2028-yillar mamlakat bo‘ylab 800 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, shifoxonalar va poliklinikalar energiya samaradorligini oshirish maqsadida modernizatsiya qilinadi va ta’mirlanadi.

    Jamg‘arma ushbu binolarning energiya samaradorligini baholash, chora-tadbirlar ishlab chiqish, tegishli muassasalarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur ishlarni xarid qilish va moliyalashtirish, shuningdek ular tejaydigan energiyani o‘lchash va tekshirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

    Yuqorida qayd etilgan jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari ularning issiqlik izolyatsiyasini va isitish, ventilyatsiya, havoni tozalash va yoritish tizimlarining ishlashini takomillashtirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, tegishli muassasalarda ko‘mir qozonlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan quvvat oladigan isitish va suv isitish tizimlariga almashtiriladi. Xususan, issiqlik nasoslari va quyosh kollektorlari bilan birlashtirilgan quyosh panellari o‘rnatish orqali.

    Loyiha bilan qamrab olingan jamoat binolari yetarlicha isitilmasligi yoki aksincha qizib ketmasligi uchun milliy harorat qulayligi standartlari bo‘yicha modernizatsiya qilinadi. Loyiha faoliyati energiya sarfini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash, tegishli muassasalarni, ayniqsa qish oylarida, energiya bilan ta’minlash ishonchliligini oshirish, shuningdek, maktabgacha va maktab muassasalarida o‘quvchilar, sog‘liqni saqlash muassasalari bemorlari va xodimlari uchun issiqlik harorati qulayligini oshirish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirishga zamin yaratadi. 

    Loyiha Jamg‘armaning iqtisodiyotning turli tarmoqlarida toza energiyani joriy etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini yaxshilaydi. U “Ijtimoiy, tijorat va maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish” Milliy dasturini ishga tushirish va toza energiyaga investitsiya kiritish bozorini tartibga soluvchi qonunchilikni ishlab chiqishda yordam beradi. Bundan tashqari, loyiha doirasida aholi o‘rtasida energiya samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan fuqarolarning xabardorligini oshirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi. 

    Loyiha taqdimotida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, turli vazirlik va idoralar mutasaddilari, xususiy sektor va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Jahon banki guruhi tomonidan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli hamda Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekiston va Turkmanistondagi mintaqaviy rahbari Nil Makkeyn ishtirok etishdi. 

    Tadbir ishtirokchilariga loyihaning mamlakatda energiya samaradorligini oshirish uchun qulay muhit yaratishdagi o‘rni, rejalashtirilgan loyiha tadbirlari, kutilayotgan natijalar va loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy afzalliklari haqida ma’lumot berildi. Tadbirda loyihaning asosiy maqsadi davlatga jamoat binolari, turarjoy va tijorat sektorlarida energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ro‘yobga oshirishda koʻmaklashishdan iborat ekanligi ta’kidlandi. 

    Jahon banki va xorijiy ekspertlar tomonidan ilgari turli mamlakatlar, jumladan, Meksika, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya va Turkiyada hayotga tatbiq etilgan jamoat binolarining energiya samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha loyihalar tajribasi taqdim etildi.

    Loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan turli xil tovar va xizmatlar, jumladan, energiya tejamkor uskunalar yetkazib berish, audit va loyihalash xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, qurilish ishlarini olib borishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy va xorijiy firma hamda kompaniyalar vakillariga loyiha doirasida oʻtkaziladigan tenderlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

    • view_icon 71
    : 2024-04-23 23:28:19