audio

    7+
    O‘zbekiston – Qirg‘iziston: iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalari

    Joriy yilning 17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston biznes-forumida ishtirok etdi. Delegatsiyalar tarkibiga, shuningdek, ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, viloyat hokimliklari rahbarlari hamda 350 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari kirdi.

    Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev kirish so‘zi bilan ochar ekan, ikki davlat rahbarlarining samimiy munosabatlari tufayli ko‘p qirrali o‘zbek-qirg‘iz hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

    Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmida oʻsish kuzatilgani qayd etildi – oʻtgan yil yakuniga koʻra mazkur koʻrsatkich 1 milliard dollarga yetdi. Tovar ayirboshlashning yanada oshishini ta'minlash uchun tayyor to'qimachilik, oziq-ovqat, plastmassa, poyabzal, IT-xizmatlari, o'g'itlar, qurilish materiallari, maishiy texnika va farmatsevtika mahsulotlari, qoramol va mayda chorva mollari, ko'mir, oziq-ovqat va talabga ega bo'lgan boshqa tovarlarni o'zaro yetkazib berishni ko'paytirish choralarini ko'rish muhimligi ta'kidlandi.

    Keyingi yillarda investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlik faollashdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Qirg‘iziston kapitali ishtirokida 280 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekiston-Qirg‘iziston Taraqqiyot jamg‘armasi katta rol o‘ynaydi, uning portfeli 186 million dollarlik 33 ta investitsiya loyihasini o‘z ichiga oladi.

    O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga qo‘layliklar yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, jumladan, qonunchilikni liberallashtirilgani, soliq va bojxona imtiyoz va preferensiyalar joriq qilingani, mamlakatimizning barcha hududlarida 25 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgani ham tilga olindi.

    O‘rta va kichik biznes rivojining harakatlantiruvchi omillari bo‘lgan hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, chegara hududlarida maishiy texnika, dori-darmon, mebel, qurilish materiallari, poyabzal, charm mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, hududlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari amaliyotini yo‘lga qo‘yish, B2B formatida forumlar, ko‘rgazmalar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazish taklif etildi.

    Oʻz navbatida, Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari – Suv resurslari, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Torobayev ham ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash va sarmoyaviy hamkorlikning barqaror oʻsish dinamikasini yuqori baholadi va bu borada transport-logistika, energetika sohasidagi loyihalar hayotga tatbiq qilish, savdo vakolatxonalari faoliyatini kuchaytirish muhimligini taʼkidladi. Ma’ruzachi ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning katta, ijobiy tajribasini ta’kidlab, ishbilarmon doiralarni sheriklik aloqalarini kengaytirish va qo‘shma o‘zaro manfaatli tashabbuslarni dadil amalga oshirishga chaqirdi.

    Forum doirasida B2B va G2B muzokaralari boʻlib o'tdi, unda tadbirkorlar koʻplab yangi, foydali aloqalarni oʻrnatishga, yangi loyihalarni amalga oshirishning oʻziga xos jihatlarini muhokama qilishga muvaffaq boʻlishdi.

    Forum yakunlari boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, logistika markazini tashkil etish, chiqindilarni qayta ishlash, geologiya-qidiruv va koʻmir yetkazib berish, IT-xizmatlari koʻrsatish, elektrotexnika va qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha 20 ta bitim, memorandum va savdo shartnomalari imzolandi.

    • view_icon 807
    : 2024-08-15 11:39:27