audio

    0+
    «Toshkent moliyaviy xabga aylanishi uchun katta salohiyat bor» — xalqaro moliya markazini yaratish masalasi muhokama qilindi

    Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida «Markaziy Osiyo» xalqaro moliya markazini (XMM) yaratish mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

    Ayni paytda O‘zbekiston poytaxtini xalqaro biznes va investorlar uchun mintaqadagi yetakchi moliyaviy hab, raqobatbardosh investision moliyaviy markazga aylantirish maqsadida Toshkentda xalqaro moliya markazini yaratish ishlari jadal kechmoqda. XMMni yaratish «O‘zbekiston-2030» Strategiyasi maqsadlarini amalga oshirishda muhim harakatlantiruvchi kuch, shuningdek, qo‘shimcha investisiyalarni jalb qilish va korporativ boshqaruvning eng yaxshi amaliyotlari hamda ESG va texnologiyalarni joriy etish maqsadlarini ko‘zda tutadi.

    Davra suhbati chog‘ida ekspertlar Toshkentning global investorlarni jalb qilishdagi ustunligi, O‘zbekistonning investision jozibadorligi omillari va uni oshirishda zarur sharoitlarni muhokama qilishdi. Shuningdek, loyihaning hozirgi holati va uni amalga oshirishdagi dastlabki qadamlar ko‘rib chiqildi. 

    Moderator vazifasini Hudson Sandler LLP bosh direktori Endryu Xeys bajardi.

    Davra suhbati ishtirokchilari:

    - XMK tahlil idorasi direktori Alyona Dolgova

    - Uzum Holding bosh kengashi raisi, Sergey Salikov

    - Franklin Templeton to‘g‘ridan to‘g‘ri investisiyalar direktori Tek Xoan Ong

    - Avesta Investment Group boshqaruvchi hamkori Karen Srapionov

    - J.P. Morgan hududiy direktori Timur Kurmanbayev

    - O’zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi raisi, Gʻolib Holjigitov

    Davra suhbatini olib borgan Moderator Endryu Xeys O‘zbekiston prezidentining Toshkentni XMMga aylantirishda tutayotgan o‘rnini alohida ta’kidladi.

    «Prezident aytib o‘tganidek, moliyaviy xizmatlar iqtisodiyotiy rivojlanishning asosiy jihatlaridan biridir. Toshkent esa vaqt o‘tishi bilan mintaqadagi yetakchi moliya markaziga aylanish, investorlar uchun jozibador moliyaviy xab bo‘lish uchun har qanday salohiyatga ega».

    Xalqaro moliya korporatsiyasi tahlil idorasi direktori Alyona Dolgova xalqaro moliya markazi sifatida Toshkent uchun uchta asosiy ustun borligini aytibdi o‘tdi:

    «Birinchisi, ma’muriy va huquqiy infratuzilma. Bu investorlar uchun juda ham muhim hisoblanadi. Ayniqsa xalqaro miqyosdagi huquqning elementlari mamlakatda bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Ikkinchisi, albatta mutaxassislikdir. Bu yerda asosiy muhim jihat investorlarga an’anaviy moliyaviy usullar va mahsulotlardan foydalanishga keng imkoniyat berish desak bo‘ladi. Mintaqada Islomiy banklarning paydo bo‘lish ehtimoli Toshkent uchun strategik yo‘nalishga aylanishi kutilmoqda. Uchinchisi esa — iqtisodiyotning raqobatbardoshligi. XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda YAIMning yillik o‘sishi 2030 yilgacha 5 foizdan yuqori bo‘ladi. Mamlakat juda tez rivojlanmoqda va poytaxt Toshkent global investorlar uchun qulay muhit yaratmoqda.»

    J.P. Morgan hududiy direktori Timur Kurmanbayev, mamlakatga investisiyalar oqimining ko‘payishi uchun nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.

    «Turkiya Bosh vaziri aytib o‘tganidek bu uchun ikkita narsa kerak — siyosiy muhit barqarorligi va kelajakdagi siyosatning aniqligi. Biz mamlakatni xalqaro kapital bozoriga kattaroq ta’sir qilishini xohlaymiz, chunki bu biznes egalari xohlaydigan va kutadigan daraja. Mamlakat IPO va boshqa tadbirlar orqali xalqaro iqtisodiyotga ochiqligini ko‘rsatayotgani bizni xursand qilmoqda. Buni uzoq vaqtdan beri ko‘pchilik kutayotgan edi», — deydi u. 

    Franklin Templeton to‘g‘ridan to‘g‘ri investisiyalar direktori Tek Xoan Ong ta’kidlashicha, kapital bozori mamlakat rivojlanishida nihoyatda muhim ahamiyatga ega.

    «Bu faqat iqtisodiyot yoki kompaniyalar uchun emas, balki ko‘pincha kam e’tibor qaratiladigan oddiy odamlar uchun ham foydalidir. Mamlakat aholisiga pulini sarmoya qilish uchun maydon kerak, xuddi kapital bozori kabi. Investorlar birinchi navbatdan mamlakatga sarmoya kiritishdan avval ishonchni qidiradi. Moliyaviy sektordagi barqarorlik va XMMning yaratilishi esa bu ishonchni beradi», — deya o‘z fikrini bildirdi Tek Xoan Ong.

    Yana bir spiker Karen Srapionov, so‘nggi yillarda bir qancha katta kompaniyalar xususiylashtirilganini qaramasdan, ularning aksariyati mahalliy bozordan yo‘qolib qolganini ta’kidladi. Srapionov, mamalakat moliyaviy sektorida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligini aytib, Xalqaro moliya markazining yaratilishi jarayonni tezlashtirishga yordam berishiga umid qilishini bildirdi.

    • view_icon 132