O‘zbekistondagi xalqaro arxeologik ekspeditsiya tadqiqotlari AQSH ilmiy jamoatchiligi nigohida
2025-01-29 09:15:00 / Yangiliklar
Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi nufuzli “Archaeology” jurnalining joriy yil yanvar sonida O‘zbekiston-Amerika qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasining Buxoro viloyatida olib borilgan tadqiqotlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Muharrir Endryu Louler tomonidan yozilgan “Voha shahrining shakllanish tarixi: afsonaviy Buyuk Ipak yo‘li shahrining qadimiy tarixini izlab” nomli maqolada Madaniy meros agentligining Samarqand arxeologiya instituti va Nyu-York universiteti hamkorligida olib borilayotgan tadqiqot ishlari keng yoritilgan.
Mazkur ekspeditsiyaga Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi Jamol Mirzaahmedov va Nyu-York universitetining professori Syoren Starklar boshchilik qilmoqda. O‘tkazilayotgan tadqiqotlarda AQSh, Xitoy, Rossiya Yevropa va o‘zbekistonlik taniqli arxeolog olimlar ishtirok etmoqda. Maqolada ilmiy guruhning kundalik faoliyati, erishilgan natijalari hamda Buxorodagi ko‘hna shaharning shakllanish tarixini o‘rganish borasidagi ilmiy yutuqlar batafsil tahlil etilgan.
Ma’lumot uchun, “Archaeology” ingliz tilidagi ilmiy-ommabop jurnal bo‘lib, uning faoliyati arxeologiya sohasidagi yangiliklarni yoritishdan iborat. Jurnal Amerika Arxeologiya instituti tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, har oyda ikki marotaba chop etiladi. Mazkur jurnal 1948-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda hamda jurnalning rasmiy saytiga har yili 2,5 milliondan ortiq tarix ixlosmandlari tashrif buyuradi.
Mazkur maqolaning nufuzli jurnalda chop etilishi O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, yurtimiz arxeologiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik yuksalib borayotganining e’tirofidir.