Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutida O‘zbekiston-Koreya hamkorligi davom etmoqda
2024-11-20 15:55:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 18-noyabr kuni Y.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutida Koreya meros agentligi bilan hamkorlikda olib borilayotgan rivojlanish bo‘yicha rasmiy ko‘mak (ODA) loyihasi doirasida 2024-yil yakunlariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
Mazkur seminar-treningda “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi, “Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasi, “Ichan-qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi, Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markazi, San’atshunoslik instituti xodimlari ishtirok etishdi.
Malaka almashish maydoniga aylangan yig‘ilishning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar va ularning tahlili, kelgusidagi rejalar xususida so‘z yuritildi. Joriy yilda o‘tkazilgan o‘quv kurslari, seminar va amaliy mashg‘ulotlarda muntazam ishtirok etgan qatnashchilarni taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ikkinchi yarmi rivojlanish bo‘yicha rasmiy ko‘mak loyihasi doirasida olib borilgan amaliy ishlar, tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlandi. Shuningdek, arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish, arxeologik qazishmalar va ularda qo‘llaniladigan zamonaviy tadqiqot usullari, arxeologik yodgorliklarni hujjatlashtirish, topilmalarni kimyoviy, fizik usullar yordamida tahlil qilish hamda ularning natijalari bo‘yicha taqdimotlar namoyish etilib, mavzularga doir ma’ruzalar tinglandi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki Samarqand arxeologiya instituti va Koreya meros agentligi o‘rtasida 2022-yilning 27-iyunida imzolangan bitimga ko‘ra, ODA doirasida 2022-2026-yilga mo‘ljallangan “Samarqandning madaniy turizm resurslarini rivojlantirish va salohiyatini oshirish hamda Samarqand arxeologiya institutida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasini rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Qiymati 3 mln. 800 ming AQSh dollari bo‘lgan loyiha doirasida hozirgi kunda Institut qoshida Madaniy merosni boshqarish va topilmalarni restavratsiya hamda konservatsiya qilish markazi tashkil etilib, hamkorlikda Qizlartepa yodgorligida qazuv ishlari olib borilmoqda.