Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning soha xodimlariga tabrigi
2024-04-15 09:00:00 / Yangiliklar
Assalomu alaykum, hurmatli tadbir qatnashchilari!
Madaniyat va san’at sohasi fidoyilari!
Barchangizni bugungi bayram – Madaniyat va san’at xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Mana, uchinchi yildirki, sizlar bilan birgalikda ushbu ayyomni ko‘tarinki ruhda nishonlayapmiz.
Fursatdan foydalanib, mana shu kunni bizga bayram sifatida belgilab bergan Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga sohaning barcha vakillari hamda shaxsan o‘z nomimdan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Qadrli do‘stlar!
Ushbu quvonchli damlarda inson qalbi, uning ongi va dunyoqarashini ezgu g‘oyalar asosida shakllantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan siz, jonkuyar ijodkorlar faoliyatini har qancha e’tirof etsak aytsak arziydi.
Sizu bizning zimmamizga milliy madaniyatimizni rivojlantirishdek sharafli va ayni paytda o‘ta mas’uliyatli vazifa yuklatilgan.
Mana shu yo‘lda barchamiz hamjihat bo‘lib, ya’ni sizlarning bilim va salohiyatingiz, tajribangizga tayangan holda 2023-yilda juda ko‘plab tadbirlarni o‘tkazdik.
Mamlakatimizda nufuzli xalqaro tanlovlar, festivallar, hududlarning madaniyat kunlari, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston madaniyati kunlari, mahallalar, qishloq va ovullarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi.
Bularning barchasiga bevosita o‘zingiz guvohsiz.
Faqat bitta jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Davlatimiz rahbari qanday taklif va tashabbuslarimiz bo‘lsa, barchasini qo‘llab-quvvatlab, hamma imkoniyatlarni yaratib beryaptilar.
Xo‘sh, biz mana shu e’tiborga yarasha munosib javob bera olayapmizmi yo‘qmi? – degan savol shaxsan meni doim qiynaydi.
Ochig‘i, hali oldimizda qilishimiz kerak bo‘lgan juda ko‘p ishlar, vazifalar turibdi.
Qolaversa, o‘zingizga yaxshi ma’lum – bugun g‘oyat tahlikali zamonda yashayapmiz.
Barcha sohalar qatori madaniyat sohasida ham raqobat tobora kuchayib bormoqda.
Inson ongi, hissiyotlari uchun kurash ketmoqda.
Qadriyatlarga ta’sir o‘tkazishga, uni o‘zgartirishga urinishlar bo‘lmoqda.
Shunday murakkab bir davrda aynan madaniyat va san’at sohasi qalb himoyachisi, tafakkur himoyachisi, qadriyatlar himoyachisi bo‘lib katta maydonda o‘zini ko‘rsata olishi kerak.
Boshqacha aytganda, xalqning uyg‘oqligi bevosita madaniyatga, ma’naviyatga bog‘liq.
Shu ma’noda, jamiyatimizda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarimizni vatanparvar va fidoyi qilib tarbiyalash masalalari barchamiz uchun dolzarb vazifadir.
Bu borada Hurmatli Prezidentimiz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ko‘plab ustuvor reja va maqsadlarni belgilab berdilar.
Shu bilan birga, o‘tgan yil yakunida aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilishga qaratilgan ikkita muhim qarorlari qabul qilindi.
Shu jihatdan olganda, joriy 2024-yilda oldimizda juda ko‘plab masalalar, vazifalar turibdi. Qator loyihalar, tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak.
Eng muhimi, bu boradagi ishlarimizni xalqimiz qog‘ozda emas, amalda his qilishi lozim.
Buning uchun hammamiz bir musht bo‘lib, hamjihat bo‘lib, harakat qilishimiz zarur.
Shundagina yangi marralar, yangi natijalar haqida gapirishimiz mumkin.
Aziz hamkasblar!
Fursatdan foydalanib, sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat va yuksak ijodiy parvoz tilayman.
Xonadonlaringizdan hech qachon tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad arimasin!
Jonajon Vatanimiz taraqqiyoti, milliy madaniyatimiz rivoji yo‘lida xizmat qilish baxti sizlarni hech qachon tark etmasin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri