audio

    0+
    Qatar Davlati delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi

    Prezidentning 2023-yilning 1−2-oktabr kunlari Qatar Davlatiga davlat tashrifi doirasida Qatar bilan madaniyat, turizm, san’at va hunarmandchilik sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etilgan edi. Shunga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlik memorandum”i imzolangan bo‘lib, doimiy madaniy aloqalar olib borilmoqda.  Ayni kunlarda xuddi shunday madaniy aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni amalga oshirish maqsadida, Qatar Davlati delegatsiyasi O‘zbekistonda bo'lib turibdi. 

    13-aprel kuni O‘zbekiston amaliy san’at muzeyida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Qatar davlati Madaniyat vazirligi mas’ullari, shuningdek bir guruh qatarlik o‘quvchilar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

    “Bunaqa amaliyot madaniyat vaziri lavozimi faoliyatimda birinchi marotaba bo‘layapti, ya’ni Qatardan bolalar tashrif buyurishdi O‘zbekistonga. Bu bolalar tashrif buyurganini o‘zi nimani anglatadi deyishsa? Eng avvalo Qatar Davlatining O‘zbekistonga bo‘lgan munosabati bu. Ya’ni eng aziz farzandlarini, millat kelajagini ishonib O‘zbekistonga yuborishgani – bu nimani anglatadi? Bu eng avvalo O‘zbekistonda tinchlik ekanligi, ya’ni o‘sha ota-onalar xotirjam O‘zbekistonga farzandlarini yuborayotganini o‘zi bugun mana shu eng katta ne’matimizga ishora sifatida qabul qilamiz va qolaversa mehr bu, qolaversa biz farzandlarimizni qayerga yuboramiz? Biz o‘zimiz yaxshi ko‘rgan, o‘zimiz qadrli deb hurmat qilgan xalqqa farzandlarimizni ishonib topshirishimiz mumkin. Bugun ana shunday voqeani guvohi bo‘layapmiz, bu ham bo‘lsa hurmatli prezidentimizning dunyo xalqlari bilan o‘rnatib borayotgan mustahkam munosabatni yaqqol ko‘rinishi va mevasi deb ayta olamiz”, - dedi O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.

    Qatar Davlati Madaniyat vazirligining bir guruh mas‘ullari hamda qatarlik o‘quvchilarning O‘zbekistondagi tarixiy-madaniy meros obyektlariga tashrifi 19-aprelga qadar davom etadi.

    Qatar delegatsiyasining yurtimiz bo‘ylab tashrifi davomida: Toshkent shahrining Hazrati Imom majmuasi, Baroqxon madrasasi, Xo‘ja Ahror valiy masjidi, Ko‘kaldosh madrasasi, Chorsu bozori, “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi,  O‘zbekiston amaliy san’at muzeyi, Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasi,Toshkent teleminorasi, Toshkent hayvonot bog‘i, “Tashkent city mall” savdo markazi, “Magic city” ko‘ngilochar markazi, “Milliy bog‘” hamda Samarqand shahrining diqqatga sazovor nuqtalari, xususan, Ulug‘bek rasadxonasi, Afrosiyob muzeyi, Bibixonim madrasasi, Registon majmuasiga borishi rejalashtirilgan.

    • view_icon 169