audio

    0+
    Madaniyat vaziri Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

    Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 13-mart kuni Turkmaniston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Shadurdi Meredov bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan bir qator madaniy tadbirlarga oid masalalar muhokama qilindi.

    Xususun, 2024-yilning 26-27-mart kunlari Turkmanistonning Anau shahrida “Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” tadbirlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, Madaniyat vazirligi rahbariyati boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi va ijodiy guruhining Turkmanistonga safari rejalashtirilmoqda. Uchrashuvda tashrif bilan bog‘liq tashkiliy masalalar kelishib olindi.

    Shuningdek, “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi prezident qarori ijrosi bo‘yicha qabul qilingan nazorat rejasida ko‘zda tutilgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, Maxtumquli haqida turkman kinoustalari bilan hamkorlikda badiiy film yaratish, yubiley munosabati bilan shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakl sahnalashtirish, o‘zbekistonlik yosh xonandalar o‘rtasida “Maxtumquli she’rlari bilan aytiladigan eng yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi” respublika tanlovini o‘tkazish va unga faxriy hakam sifatida turkman mutaxassislarini jalb etish, alloma xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.

    Uchrashuvda tomonlar joriy yilda Turkmanistonda o‘tkazilishi rekjalashtirilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari, shu bilan birga, qo‘shni mamlakat xalq artistlarining mamlakatimizga gastrol safarlarini uyushtirish bo‘yicha ham so‘z yuritishdi.

    Ozodbek Nazarbekov turkman tomonini shu yilning 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida tashkil etiladigan “Lazgi”, 26-28-iyun kunlari Zomin tumanida tashkil etiladigan “Maqom san’ati” festivallarida ishtirok etish uchun taklif qildi.

    Bundan tashqari uchrashuvda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivali, Baxshi san’atining Xalqaro anjumani, Xalqaro hunarmandchilik festivali, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro musiqa folklor festivali, teatr festivallari va boshqa tadbirlarda ishtirok etish, O‘zbekistondagi madaniyat va san’atga ixtisoslashgan ta’lim muassasalarida Turkmaniston vakillari uchun kvotalar ajratish, teatr sohasida hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.

     
    • view_icon 149