Vazir Ozodbek Nazarbekov boshchiligida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda ijro intizomining bajarilish holati yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2025-03-11 17:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 11-mart kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda ijro intizomining bajarilish holati yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda, vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazir o‘rinbosarlari Murodjon Majidov, Yusufjon Usmonov, vazirlikning markaziy apparati vakillari, shuningdek, Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari rahbarlari (ZOOM platformasi orqali) qatnashishdi.
Jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishi, birinchi navbatda, davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlarida ijro intizomining zarur darajada tashkil etilishiga bog‘liqligi, shuningdek, so‘nggi yillarda zamonaviy boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, nazorat qilish va ijroni tekshirish shakllarini takomillashtirish, talabchanlikni kuchaytirish borasida amalga oshirilgan muayyan ishlar respublikani barqaror hamda jadal rivojlantirish imkonini berayotganligi ma'lum qilindi.
Yig‘ilish davomida vazir Ozodbek Nazarbekov ijro intizomining holati yuzasidan tayyorlangan monitoring ma’lumotlari yuzasidan har bir tashkilot hamda har bir hududda o‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlarini sarhisob qilib, hudud va tashkilot rahbarlariga tegishli topshiriqlarni berdi.
Xususan, vazir o‘rinbosari Murodjon Majidovga ijro intizomining bajarilish holatini qat’iy nazoratga olish hamda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan qat’iy choralarni qo‘llash lozimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi rahbari Anvar Tojiboyev, Respublika baxshichilik san’ati markazi rahbari Umidjon Norboyev, Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori Fotih Jalolovlarga ijro intizomi holati yuzasidan tashkilotda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha vazifalar berildi.