O‘zbekistonning ilk “O‘zbek madaniyati elchisi” Yaponiyada tayinlandi
2025-01-30 09:00:00 / Yangiliklar
Xabaringiz bor, Prezidentning 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 406-sonli Qarori tasdiqlangan bo‘lib uning 8-bandida: milliy madaniyatimizni xorijiy davlatlarda faol targ‘ib etish va ommalashtirish bilan shug‘ullanuvchi chet el fuqarolari, jumladan vatandoshlar faoliyatini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbek madaniyati elchisi” maqomini berish tizimi joriy etilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, yurtimiz boy madaniy merosi, xususan milliy musiqasi va kuylarini kunchiqar mamlakatda keng targ‘ib qilish orqali mamlakatimiz ixlosmandlarini oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Elchixona bilan hamkorlikda yaponiyalik taniqli qo‘shiqchi va sozanda – Komazaki Mashuni “O‘zbek madaniyati elchisi” etib tayinlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda yurtimizning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov tomonidan O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish va keng jamoatchilik vakillarini yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun Mashu Komazaki xonimga “O‘zbek madaniyati elchisi” ko‘krak nishoni va sertifikati tantanali ravishda topshirildi.
Elchi “O‘zbek madaniyati elchisi” degan maqom birinchi bo‘lib Yaponiya fuqarosiga berilganligi, albatta O‘zbekiston Hukumati tomonidan Yaponiya bilan madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganligini ifoda etishi, ushbu yuksak maqom Mashu Komazakiga Yaponiyada O‘zbekistonning madaniyati va san’atini bundan-da keng ravishda targ‘ib qilishida keng imkoniyatlar yaratib berishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Marosimda ishtirok etgan Madaniyat vazirligi vakillari tomonidan Mashu Komazakining “O‘zbek madaniyati elchisi”sifatidagi faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, xususan unga zarur hollarda milliy madaniyatimizni targ‘ib qilishda zarur bo‘lgan milliy liboslar, musiqa cholg‘ulari, adabiyotlar, hunarmandchilik va madaniyatimizni targ‘ib qiluvchi boshqa mahsulotlar taqdim qilinishini ma’lum qilindi.
Mashu Komazaki bunday sharafli maqomni xorijiy fuqarolar orasida birinchi bo‘lib olganligidan benihoya baxtli ekanligini bildirib, berilgan yuksak ishonch uchun O‘zbekiston Hukumatiga minnatdorchilik bildirdi. “O‘zbek madaniyati elchisi” maqomi uning keyingi faoliyatida katta imkoniyatlar yaratishi bilan bir qatorda katta mas’uliyat ham yuklashini ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan, o‘zbek milliy maqomi va musiqasini yanada chuqurroq o‘rgangan holda, Yaponiyada ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilishi hamda o‘zbek milliy madaniyatini kengroq targ‘ib qilishga harakat qilishini bildirdi.
U “Shu kungacha Yaponiyada tashkil qilinayotgan madaniy tadbirlarda o‘zbek milliy kuy va musiqalarini ijro etganimdan so‘ng, ko‘plab yapon tomoshabinlari “Mashu honim, ochig‘ini aytsak Sizning ijroingiz orqali Buyuk ipak yo‘lidagi sirli mamlakat haqida ongimizda yorqin tasavvur hosil bo‘ldi, biz Siz bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishni xohlar edik” degan munosabatlarni olganimda musiqa va kuylar inson qalbiga naqadar ta’sir o‘tkazishidan hayratlanaman. Bu meni yanada ijod qilishimga va Yaponiyada yurtingiz ixlosmandlarini oshirishga ilhomlantiradi” dedi.
Tadbir davomida Elchixona bilan hamkorlikda Yaponiyada mamlakatimizning madaniy salohiyatini keng targ‘ib qilib borish, qo‘shma loyihalarini amalga oshirish, OAVda O‘zbekiston haqida ko‘rsatuvlar tayyorlash va maqolalar chop qilish bo‘yicha kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: M.Komazaki 1988-yil 16-oktyabrda Tokio shahrida tug‘ilgan. 2010-yilda Tokio musiqa universiteti fortepiano fakultetini tamomlagan. 2015-2017-yillarda Yaponiyaning xorijdagi hamkorlik ko‘ngillilari (JOCV) dasturi bo‘yicha O‘zbekistonning Buxoro shahridagi o‘rta umumta’lim maktabida ko‘ngilli ravishda musiqa o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. O‘zbekistondagi faoliyati davomida milliy musiqamizdan tahsil olib, o‘zbek dutorini o‘rgangan. 2018-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Birinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanida o‘zbek dutorida “Sunbula” kuyini ijro etib, faxrli uchinchi o‘rinni egallagan. 2022-yil 23-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. 2024-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa va “Boysun bahori” xalqaro folklor festivallarida faxrli uchinchi o‘rinni egallagan. 2024-yil 24-noyabr kuni Tokio shahridagi “Takinogava” tadbirlar zalida “Buyuk ipak yo‘li” musiqalari bo‘yicha konsert dasturini tashkil qilib, unda O‘zbekiston musiqasi va kuylarini yapon hamjamiyatiga taqdim qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 406-sonli Qarorining 8-bandida quyidagicha keltirilgan:
“Milliy madaniyatimizni xorijiy davlatlarda faol targ‘ib etish va ommalashtirish bilan shug‘ullanuvchi chet el fuqarolari, jumladan vatandoshlar faoliyatini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbek madaniyati elchisi» maqomini berish tizimi joriy etilsin.
Belgilansinki:
“O‘zbek madaniyati elchisi” maqomi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda Madaniyat vazirligining Hay’at qaroriga muvofiq beriladi hamda ularga ko‘krak nishoni va yorliq topshiriladi;
“O‘zbek madaniyati elchisi” maqomini olgan chet el fuqarolariga milliy madaniyatimizni targ‘ib qilishda zarur bo‘lgan milliy liboslar, musiqa cholg‘ulari, adabiyotlar, hunarmandchilik va madaniyatimizni targ‘ib qiluvchi boshqa mahsulotlar O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali yetkazib beriladi;
O‘zbek madaniyati elchilarining faoliyat natijadorligidan kelib chiqib, Madaniyat vazirligi tomonidan ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish to‘g‘risida takliflar kiritib boriladi;
“O‘zbek madaniyati elchisi” maqomini olgan chet el fuqarolariga mahsulotlarni xarid qilish hamda ularning faoliyatini rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar “Vatandoshlar” jamoat fondi mablag‘lari hamda Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.”
Yuqoridagi qarorga asosan, ilk bora yaponiyalik taniqli qo‘shiqchi va sozanda – Komazaki Mashuniga “O‘zbek madaniyati elchisi” maqomi berildi.