Xorazmda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi
2024-12-03 14:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda nuroniylar, madaniyat va san’at namoyandalari, yoshlar ishtirok etishdi.
Marosimda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib, serqirra iste’dod egalari jamlangan mazkur ijodiy jamoaning Xorazm qo‘shiqchilik va raqs san’ati rivojidagi ulkan xizmatlari haqida to‘xtaldi. Ta’kidlash joiz, bu dargohda ko‘p yillar davomida milliy san’atimiz darg‘alari faoliyat ko‘rsatgan, xalq artistlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar, nufuzli ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari yetishib chiqqan. Filarmoniya jamoasi dunyo bo‘ylab gastrol safarlarida, xalqaro festivallarda milliy san’atimizni zo‘r mahorat bilan namoyish etib kelishmoqda.
Xorazm ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shilgan ushbu yangi san’at koshonasida mashg‘ulot zallari, repetitsiya xonalari, umuman san’atkorlarning erkin ijod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yangi bino Konstitutsiya kuni bayrami arafasida voha san’at ahli uchun munosib tuhfa bo‘ldi.