"Boysun bahori" xalqaro folklor festivali PRESS-RELIZI
2024-05-01 10:55:00 / Press-relizlar

Surxondaryo viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi hamda Turizm qo‘mitasi hamkorlikda 2024-yilning 1-7 may kunlari Boysun tumanining Bibishirin mahallasida joylashgan turizm kompleksida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini o‘tkazadi.
2002-yilda asos solingan “Boysun bahori” festivali bir yildan so‘ng yana bir marta o‘tkazilib, so‘ngra 2004-2016-yillar oralig‘ida – 13-yil davomida noma’lum sabablarga ko‘ra o‘tkazilmay qolgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yil qayta tiklangan va uch marta o‘tkazilgan festival koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-2021-yillarda yana o‘tkazilmadi. Nihoyat, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2022-yilning 7-8-may kunlari festival oltinchi marta tashkil etildi. Shundan so‘ng, xalqaro festival bundan buyon UNESCO shafeligi ostida har 2 yilda bir marta o‘tkazilishi belgilandi.
Bu yil yettinchi marta tashkil etilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali tamomila yangi shukuh va yangicha uslubda, yuksak badiiy saviyada o‘tkaziladi. Shu maqsadda so‘lim tog‘lar qo‘ynidagi Bibishirin mahallasida zamonaviy turistik maskan barpo etildi. Bu yerda besh qavatli, to‘rt yulduzli muhtasham mehmonxona, yirik sahna, amfiteatr, viloyatlar qo‘rg‘onlari uchun joy, etnosport maydonchalari va boshqa infratuzilma inshootlari qad rostladi. O‘tovlar o‘rnatilib, Termiz shahri, tumanlar va viloyat tashkilot, muassasalarining qo‘rg‘onlari tashkil etildi.
Hozirgacha 20 ga yaqin davlatdan festival ko‘rik-tanlovida ishtirok etish taklifi kelib tushgan. Yuzdan ziyod folklor san’ati ustalari, folklorshunoslari, nomoddiy madaniy meros shinavandalari va sayyohlar kelishi kutilmoqda.
Festival doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, taniqli san’atkorlar hamda folklor jamoalar ishtirokida festivalning ochilish marosimi, milliy sozlar va liboslar, taomlar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmalari, dronshoular, etnosport bellashuvlari, shunigdek, uloq-ko‘pkari, kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, xo‘roz urishtirish, varrak sayli kabi turli xalq o‘yinlari ham tashkil etiladi.
Mehmonlar mato, gilam to‘qish, kashtachilik, do‘ppido‘zlik, chanqovuz, do‘mbira, sibizg‘a, g‘ajirnay yasash kabi Boysunning xalq amaliy san’atidan bevosita bahramand bo‘lishadi. Xalqaro festival bo‘lib o‘tadigan yashil adirlikda yuzdan ortiq o‘tov o‘rnatilib, milliy urf-odat va qadriyatlar namoyish qilinadi.
Festivalning xalqaro ko‘rik-tanlovi folklor hamda milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishlarida tashkil etiladi. Nufuzli tanlovda faxrli birinchi o‘rinni egallagan jamoa 3 ming 500, ikkinchi o‘rin sohiblari 2 ming 500 va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan folklor hamda milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati ustalari 1 ming 500 dollar miqdoridagi pul mukofoti va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Sovrindorlarga, shuningdek, maxsus diplom, sertifikat va xalqaro festival statuetkasi topshiriladi.
Festival ishtirokchilari va mehmonlari tog‘lar bag‘rida joylashgan so‘lim Boysunning toza, musaffo havosidan to‘yib nafas olib, boy tabiat manzaralaridan, shifobaxsh giyohlari, inson taniga huzur-halovat bag‘ishlaydi zilol suvlaridan bahramand bo‘ladi.
Bu noyob va nafis san’at bayrami ishtirokchilari va mehmonlarida uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan arxeologik yodgorliklar – paleolit davriga oid insoniyat beshigi sanalmish Teshiktosh, Amir Temur g‘orlari, 65 million yillik dinozavrlar izlari, o‘z zamonida muhim istehkom, strategik inshoot vazifasini bajargan Uzundara, Qo‘rg‘onzal, Tumanqo‘rg‘on singari arxeologik yodgorliklariga sayohatlar uyushtirib, dunyo tamadduni haqidagi bilimlarni boyitish imkoni bor.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilar bir asrlik tarixga ega Sayrob chinorlari, “Omonxona”, “Xo‘jamayxona” shifobaxsh suvlari, sirli baliqlari, Tangisar qizil kanonlari, sayyoramizdagi eng chuqur g‘orlardan biri – Boysuntog‘ tizmasida joylashgan 2 651 metr uzunlikdagi “Qora yulduz” g‘orini bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
Qadimiy va hamisha navqiron Surxon vohasining osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi so‘lim Boysun tumanini YUNESKO 1999-yil “Jahon xalq ijodiyoti durdonasi”, deb e’lon qilgan. 2001-yil YUNESKOning “Insoniyat nomoddiy madaniy merosi” reprezentativ, 2008 yil “Umumjahon merosi” ruyxatiga kiritilgan.
Barchangizni “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali festivalida kutamiz!
Festival matbuot markazi