Jizzaxda uchta yer osti yo‘li qurilishi boshlandi
2025-01-08 08:00:00 / Yangiliklar
So‘nggi yillarda nafaqat mamlakatimizda, jumladan, viloyatimizda ham yo‘lsozlik sohasini rivojlantirish, yo‘llarni xalqaro talablar darajasiga keltirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Yo‘lsozlar tomonidan zamonaviy yo‘l, yo‘l o‘tkazgich, ko‘prik, piyodalar uchun yer osti va yer usti yo‘llari bunyod etilayotgani aholining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson, eng asosiysi, harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-9 aprel kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshirig‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisining 2024-yil 7 avgustdagi №86-sonli bayoniga asosan viloyatimizda uchta yer osti yo‘li qurilishi belgilangan edi.
Yurtimiz uzra yangi yil bayramining shukuhi hali ham kezib yurgan shunday pallada Jizzax shahrining eng gavjum uchta nuqtasida yer osti piyodalar yo‘lagini qurilishiga start berildi.
Yer osti o‘tish yo‘llari Jizzax shahar markaziy dehqon bozori va uning atrofidagi Navoiy, Hamid Olimjon mahallasining O‘zbekiston ko‘chalari kesishmasida, “Yoshlar shaharchasi”dan “Navro‘z” istirohat bog‘iga o‘tuvchi Islom Karimov shoh ko‘chasida hamda Olmazor mahallasiga Mustaqillik ko‘chasi orqali o‘tuvchi hududlarda barpo etiladi.
Muhim qurilish inshootlari uchun buyurtmachi Jizzax mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi, bosh loyihachilar “YO‘L LOYIHA”, “MEGATEK INJINIRING” MChJlari, bosh pudratchilar “Samarqand UZBEKGAZSUV QURILISH” hamda “KAMOLIDDIN FAYZ BARAKA” MChJlari quruvchilari tomonidan bir vaqtda yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
—Oltmishdan ortiq texnikalar, 100 nafardan ortiq quruvchilar ikki smenada loyihada belgilangan va ko‘rsatilgan topshiriqlarni o‘z muddatida foydalanishga topshirish uchun mehnat qilishayotir,—deydi Jizzax mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi direktori Shuhrat Anorboyev. —Ayni paytda rejaga muvofiq ikki bosqichda amalga oshirilayotgan yer osti o‘tish yo‘llarini barpo etish loyihasiga ko‘ra har uchala inshootda kotlovan kovlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Jizzax shahar markaziy dehqon bozori oldida tutashgan chorrahada shu kunlarda ish qizg‘in. Inshootning umumiy qiymati 13 milliard 344 million so‘mni tashkil etib, bu yerda to‘rtta yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi bunyod etiladi. Birinchi tunnelning umumiy uzunligi 73,68, ikkinchisi 69, uchinchisi 59,44 va to‘rtinchisi 50 metrni, yer osti yo‘lining eni 5,4, balandligi 2,4 metrni tashkil etadi. Yer osti piyodalar o‘tish yo‘li inshootining shinam, ko‘rkam bo‘lishi uchun eng so‘nggi qurilish texnologiyalari ya’ni, o‘zida zamonaviylik va milliylikni uyg‘unlashtirgan marmar, granit plitalari, mozaika uslubdagi qurilishbop bezaklardan foydalaniladi.
Yer osti piyodalar o‘tish yo‘llarida imkoniyati cheklanganlar, nogironlarning kolyaskada harakatlanishi uchun maxsus yo‘lak ham barpo etiladi.
Barcha inshootlarda dastlab yer osti yo‘lining ustki qismidagi yumushlar joriy yilning Navro‘z bayrami arafasiga qadar yakunlansa, may oyiga kelib tunnellar to‘liq foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Bir kunda shu hududdagi Jizzax shahar markaziy dehqon, “Galanteriya lyuks” hamda xalq tilida “Jo‘ra bozor”ga 15000 nafardan ortiq aholi tashrif buyurishini, ertalab 8.00 dan 18.00 ga qadar bozor atrofidagi chorrahadan o‘rtacha 11 soat mobaynida 7700 tadan ortiq avtomobillarning harakatini hisobga olsak, yangi barpo etilayotgan tunnel piyodalar uchun qulay va xavfsizligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.