Jizzaxda sanoat korxonalari koʻpaymoqda
2024-11-21 09:30:00 / Yangiliklar
Qisqa vaqtda Jizzax erkin iqtisodiy zonasida “ADM Jizzakh” yengil avtomobilsozlik zavodi oʻz faoliyatini boshladi. Mana, bugun Jizzaxda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar koʻchalarimizni toʻldirib yuribdi.
Mazkur korxonada dastlab, “Lada” avtomobillarini seriyali yigʻish boshlangan boʻlsa, ayni paytda “Kia”, “Chery” kabi brendlar ostida oʻndan ortiq modelda zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Loyiha doirasida 234 million dollar miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilib, oʻtgan uch yilda “Kia”, “Chery” hamda “Haval” brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarildi.
Sanoat sohasini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Jizzax” maxsus iqtisodiy zonasi, kichik va yoshlar sanoat zonalarining infratuzilmalari uchun byudjetdan 186 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirildi. Bugungi kunda viloyatdagi 27 ta maxsus va kichik sanoat zonalari faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Mahalliylashtirish dasturidagi korxonalar soni 6 tadan 48 taga, loyihalar soni 16 tadan 78 taga, ishlab chiqarish hajmi 11 mlrd soʻmdan 12,6 trln soʻmga oshdi. Joriy yilda Respublika boʻyicha mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 23,7 trln soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan boʻlsa, shundan 7,7 trln soʻmi Jizzax viloyati hissasiga toʻgʻri keladi.
— Mustaqillik bayrami arafasida Forish tumanida “Jizzax sement” MCHJning 150,0 mln dollarlik sement ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 2 mln tonna 450 markali sifatli sement mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi, — deydi viloyat Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Jizzax shahri boʻyicha masʼul xodimi Ulugʻbek Joʻrayev. — Natijada 450 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bundan tashqari, eksport-import jarayonlarini soddalashtirish va tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan “BMB-NRC Agrologistics” korxonasi ham oʻz faoliyatini boshladi. Ahamiyatlisi, korxonaning ishlab chiqargan mahsulotlari Latviya, Eron, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Turkiya, Ozarbayjondan tashqari Quvaytga ham eksport qilinmoqda. Bu majmua imkoniyatlari hajmini yanada kengaytiradi.
Jizzax sanoati 2024-yilning yanvar-oktyabr natijasiga koʻra, yalpi qoʻshilgan qiymat hajmining 7,0 % ga oshgani viloyat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini koʻrsatadi. Kelajakda bu tendensiyaning davom etishi uchun jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlovchi chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur.